Mavjud bo‘lmagan odam elektrdan katta miqdorda qarz bo‘lib chiqdi 

  • 13:50 / 06.12.2019
  • 286

Uchko‘prik tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan aslida mavjud bo‘lmagan fuqaroga kata miqdorda – 1 mln. 782 ming 144 so‘m qarz yozilgani aniqlandi. 

Uchko‘prik tumani “Qaqir” qishlog‘ida yashovchi S.Musayev tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan noreal qarzdorlik hisoblanganligi uzasidan murojaat qilgan. Ushbu holat yuzasidan tuman MIB idorasi va elektr ta’minoti korxonasi o‘rtasida sarson bo‘lganligi, lekin ushbu masalaga yechim topolmayotganidan norozi ekanligini bildirgan. 

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uning arizasi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati va soha mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqilgan.  

Texnik xato va bir shaxs bo‘yniga “ilingan” qarzdorlik

O‘rganishlar natijasida elektr ta’minoti korxonasi mutaxassisi tomonidan 2016-yil 5-avgustda 2199-sonli dalolatnoma iste’molchi S.Musayev nomidagi ...075 raqamli abonent raqamiga texnik xato tufayli noto‘g‘ri kiritilganligi aniqlangan. Bu xatoni bartaraf etish uchun …075 abonenti aslida mavjud bo‘lmagan fuqaro “A.Ismoilov” nomiga biriktirib qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan.  

Noreal qarzdorlik olib tashlandi 

Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan masalaga oydinlik kiritish va bartaraf qilish yuzasidan tuman ETK’ga so‘rov xati yuborilgan. Natijada elektr ta’minoti korxonasi tomonidan ushbu holat o‘rganib chiqilib, fuqaro S.Musayev nomiga yozilgan 1 782 144 so‘m nohaq qarzdorlik olib tashlandi.