Mayonezsiz tayyorlanadigan 3 xil xushxo‘r salat

  • 10:12 / 26.03.2020
  • 369

Har bir salatni mayonez mazali qilib turadi desangiz, qattiq yanglishasiz. Ayrim salatlarga umuman mayonez qo‘shilmaydi, biroq ularning mazasi og‘izda qoladigan bo‘ladi. E’tiboringizga ana shunday yeyishli salatlar uchtaligini havola etamiz. Retseptini darhol yozib oling.

Tovuq go‘shti va mosarellali salat

Masalliqlar:

  •  3 kesim baton non;
  •  1 choyqoshiq tuyilgan paprika;
  •   tuz;
  •  3-5 oshqoshiq zaytun yog‘i;
  •  60 gramm sariyog‘;
  •  300 gramm tovuq filesi;
  •  1 ta qizil bulg‘or qalampiri;
  •  ½ ta qizil piyoz;
  •  10-12 ta mayda mosarella pishloq bo‘laklari;
  •  ½ bog‘lam salat bargi;
  •  1 oshqoshiq soya sousi;
  •  ½ ta nordon mandarin;
  •  1 dona sarimsoq piyoz bo‘lagi.

Tayyorlanishi:
Baton nonni mayda kubik shaklida to‘g‘rab, tog‘orachaga soling. Unga paprika, tuz va 1-2 oshqoshiq yog‘ qo‘shing. Aralashtirib, duxovkada 10 daqiqa davomida pishiring.
Tovada sariyog‘ni eriting. Tovuq filesini unga solib, 5 daqiqa davomida qovuring. Go‘shtni ag‘darib, tova ustini qopqoq bilan berkitib, 8-10 daqiqa davomida past olovda dimlab qo‘ying.
Sovugan tovuqni kubik shaklida to‘g‘rab, ustiga yarim halqa qilib to‘g‘ralgan qalampir hamda piyozni qo‘shing. Mosarellani yarmini to‘g‘rab, salat bargini qo‘lingiz bilan ajratib chiqing. 2-3 oshqoshiq zaytun yog‘i, mandarin sharbati va maydalangan sarimsoq piyozni qo‘shing.
Lagan ustiga salat bargi, piyoz, qalampir va tovuqni solib, sous bilan birga aralashtiring. Salat ustini mosarella va suxarik bilan bezatish mumkin.

Krab tayoqchalari, tvorog va pomidorli salat

Masalliqlar:

  •  2 dona tuxum;
  •  100 gramm krab tayoqchalari;
  •  1-2 ta pomidor;
  •  100 gramm yog‘li tvorog;
  •  2-3 oshqoshiq smetana yoki tabiiy yogurt;
  •  tuz;
  •  maydalangan qora murch.

Tayyorlanishi:
Tuxumni qaynatib, po‘stidan ajrating. Tuxum, krab tayoqchasi va pomidorlarni kubik shaklida to‘g‘rang. Mazkur aralashmaga tvorog, smetana yoki yogurt, tuz, qalampir solib aralashtiring. 

Qo‘ziqorin, kartoshka va ikki xil pishloqli salat

Masalliqlar:

  •  350 gramm kartoshka;
  •  3 ta tuxum;
  •  250 gramm qo‘ziqorin;
  •  sariyog‘;
  •  tuz;
  •  150 gramm qattiq pishloq;
  •  250 gramm eruvchan pishloq;
  •  1 bo‘lak sarimsoq piyoz;
  •  ¼ bog‘lam ukrop.

Tayyorlanishi:
Kartoshka va tuxumni qaynatib, sovuting va po‘stidan ajrating. Qo‘ziqorinni ingichka plastinka shaklida to‘g‘rang va ularni qizib turgan yog‘da tillarang tusga kirgunicha qovuring va biroz tuz qo‘shing. Keyin uni qog‘oz sochiq ustiga oling. Ortiqcha yog‘i qog‘oz sochiqqa singadi.
Kartoshkani qirg‘ichning yirik tomonidan, qattiq pishloqni esa maydasidan chiqaring. Tuxum va eruvchan pishloq, sarimsoq piyoz hamda ukropni mayda qilib to‘g‘rang. So‘ng ularni blenderdan chiqaring.
Salatni quyidagi ketma-ketlikda likopchaga solib chiqing. Avval kartoshka, ketidan qo‘ziqorin, ustidan pishloq va tuxumli aralashma hamda qattiq pishloq solinadi.