Messi “Yilning eng yaxshi futbolchisi” mukofoti uchun oilasi va do‘stlariga minnatdorchilik bildirdi

  • 11:55 / 24.09.2019
  • 481

Ispaniyaning “Barselona” klubi hujumchisi argentinalik Leonel Messi Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan “Yilning eng yaxshi futbolchisi” mukofotini olishda unga yordam bergan oilasi va do‘stlariga minnatdorchilik bildirdi. Futbolchining izohi uning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilingan. 

Mukofot futbolchiga kecha kechqurun topshirildi. Italiyaning “Yuventus” klubi hujumchisi portugaliyalik Krishtianu Ronaldu va Angliyaning “Liverpul” klubi himoyachisi gollandiyalik Virjil van Deyk ham yilning eng yaxshi futbolchisi unvoniga da’vogarlik qilgandi.

“Men mukofot olganimdan juda baxtiyorman, - dedi Messi Facebook’dagi sahifasida. - Men, ayniqsa, oilamga, “Barselona”dagi barcha do‘stlarim va muxlislarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular maqsadimga erishishim uchun katta yordam berishmoqda.”

O‘tgan mavsumdagi “Oltin butsa”

O‘tgan mavsumda 32 yoshli Leonel Messi Ispaniyaning “Barselona” jamoasida o‘ynab chempion bo‘lgandi. U Ispaniya jamoasida 36 ta gol urib, barcha Yevropa milliy chempionatlarining eng yaxshi to‘purari unvoniga sazovor bo‘lgan va “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritgandi. 

“Barselona” Chempionlar ligasining yarim finaliga qadar yetib borib, “Liverpul” ga (3: 0, 0: 4) yutqazib qo‘ygandi.  Messi 10 ta o‘yinda 12 ta gol bilan turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Argentina terma jamoasi tarkibida u Amerika kubogi-2019 ning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

FIFA “Yilning eng yaxshi futbolchisi” mukofoti

FIFA “Yilning eng yaxshi futbolchisi” mukofotini 1991-yili ta’sis etgan. 2010-yildan 2015-yilgacha FIFA mukofotlarni “Fransiya Football” jurnali bilan hamkorlikda topshirgan. 2016-yildan boshlab esa mukofot hozirgi formatda ya’ni mavsum yakuni bo‘yicha taqdim etiladi. Messi bu mukofotga oltinchi marotaba sazovor bo‘ldi. Mazkur mukofot o‘tgan yili “Real”ning xorvatiyalik yarimhimoyachisi Luka Modrichga nasib etgan edi, 2016- va 2017-yillarda esa Ronaldu yilning eng yaxshi futbolchisi deya tan olingan.