Messining “Oltin to‘p”lari oltita bo‘ldi 

  • 11:24 / 03.12.2019
  • 256

Argentinalik futbol yulduzi Leonel Messi dunyoning eng yaxshi futbolchisi uchun atalgan “Oltin to‘p” sovrini sohibi bo‘ldi. Bu unga topshirilgan oltinchi “Oltin to‘p” bo‘ldi. Sovrinni topshirish marosimi 2-dekabr kuni Parij shahrida bo‘lib o‘tdi. 

Oqshomning dastlabki mukofoti – “Kopa Trophy” “21 yoshgacha bo‘lgan yilning eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan  Matteys de Ligtga topshirildi.

De Ligt joriy mavsumda “Ayaks” bilan Niderlandiya chempioni va Kubogi sohibi bo‘ldi. Shuningdek, u Niderlandiya milliy terma jamoasi bilan Millatlar Ligasi finaliga chiqdi.  
Eslatib o‘tamiz, Matteys de Ligt 2019-yil yozgi transfer mavsumida “Yuventus” a’zosiga aylandi.  

Bu yil joriy etilgan “Lev Yashin” mukofotining birinchi sohibi esa “Liverpul” va Braziliya milliy terma jamoasi posboni Alisson Beker bo‘ldi.
U 2019-yilda “Liverpul” bilan Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘ldi. Braziliya terma jamoasi bilan esa Amerika Kubogida zafar quchdi.

64-bor tashkil etilgan kechaning asosiy sovrini – 2019-yilning “Eng yaxshi futbolchisi” “Barselona” hamda Argentina milliy terma jamoasi a’zosi Lionel Messiga topshirildi. 

Hujumchiga 2019-yilgi “Oltin to‘p” uchun kurashda “Liverpul” himoyachisi Virjil van Deyk hamda “prinsipial raqibi”, “Yuventus” hujumchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu raqiblik qildi.