Metroda 13 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan shaxs qo‘lga olindi

  • 15:33 / 23.09.2021
  • 312

Joriy yil 18-sentyabr kuni Toshkent metrosida noma’lum fuqaroning 13 yoshli qizga tegajog‘lik qilgani aytilgan videolavha tarqalgan va IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

IIV Matbuot kotibi Shoxruh Gʻiyosovning ma’lum qilishicha, mazkur shaxs qidiruvga berilgan va ayni vaqtda qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro K.Sh. ilgari ham Jinoyat kodeksining 166 (talonchilik), 169 (o‘g‘irlik) hamda 127-moddalari (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish)da ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan. 

Qayd etilishicha, hozirda, IIV Transport va turizm ob’yektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti tomonidan mazkur shaxsning harakatlarida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish jinoyatining alomatlari mavjudligi tekshirilmoqda.