Metsenatlik faoliyati: u qanday amalga oshiriladi?

  • 13:21 / 08.10.2019
  • 180

Parlament yuqori palatasining yigirma uchinchi yalpi majlisida mamlakat hayoti va taraqqiyotiga daxldor bir qator qonun hujjatlari ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. “Metsenatlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni shulardan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ushbu hujjatning mazmun-mohiyati, maqsadi hamda ahamiyati xususida Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Iqbol Mirzaaliyev bilan suhbatlashdi.

— Mazkur qonun davlatimiz rahbarining 2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimizdagi ilm-fan, madaniyat, ma’naviyat, san’at sohalarga daxldor islohotlarning mantiqiy davomi sifatida tayyorlangan, — deydi qo‘mita raisi. —  6 ta bob va 20 ta moddadan iborat “Metsenatlik to‘g‘risida”gi qonun madaniyat va san’atni, shuningdek, ushbu sohadagi ilm-fanni, ta’limni, ma’rifatni hamda boshqa faoliyatni rivojlantirish maqsadida homiylik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

— Bilishimizcha, “metsenatlik” tushunchasi keng jamoatchilik o‘rtasida ommalashmagan, bu atama hali yangilik. Shu bois qonunning asosiy tushunchalari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

— Qonundagi “metsenatlik” tushunchasi garchi bizga keyingi yillarda kirib kelgan bo‘lsa-da, uning mazmun-mohiyati xalqimizga qadim-qadimdan yaxshi ma’lum. Zero, yurtimiz azaldan ilm-ma’rifat, madaniyat, ma’naviyat homiylari bilan ham mashhur bo‘lgan.

Qonunga ko‘ra, metsenatlik (metsenatlik faoliyati) deyilganda, madaniyat va san’atni, shuningdek, mazkur sohadagi ilm-fanni, ta’limni, ma’rifatni rivojlantirishga homiylik qilish tushuniladi. Metsenat — metsenatlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishi mumkin. Metsenatlik ko‘magi — homiylar tomonidan beg‘araz yoki imtiyozli shartlar asosida beriladigan mol-mulk, ko‘rsatiladigan xizmatlar va qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlaridan iborat.

Metsenatlik faoliyati mamlakatimizdagi madaniy meros ob'yektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohalarga yo‘naltirilgan davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni, loyihalarni ro‘yobga chiqarishda ishtirok etish, madaniyat va san’at sohasidagi kasbiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, madaniy meros obyektlarini saqlash maqsadlarida amalga oshiriladi.

Qonunning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda metsenatlik faoliyati ixtiyoriylik, insonparvarlik va hisobotlarning ishonchliligi printsiplari asosida amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, metsenatlik faoliyati madaniyat va san’at sohasidagi yosh iste’dodlarni va arboblarni qo‘llab-quvvatlash, jismoniy va yuridik shaxslarning madaniyat va san’atni rivojlantirishda ishtirok etishi uchun ma’naviy rag‘batlantirish omillarini kengaytirish maqsadlarini ham ko‘zda tutadi.

— Metsenatlik faoliyati qanday amalga oshiriladi?

— Hujjatga muvofiq, metsenatlik faoliyati metsenat va ko‘mak oluvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida ro‘yobga chiqariladi. Mazkur shartnomada metsenatlik ko‘magini berishning maqsadlari, shakli, shartlari, muddatlari hamda hajmini, shartnomaviy majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligini, nizolarni hal etish tartibini, taraflarning rekvizitlarini, shartnoma tuzilgan sana va joyni, shuningdek, bunday turdagi shartnomalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan yoki taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishuvga erishish lozim bo‘lgan boshqa muhim shartlar nazarda tutiladi.

Metsenatlik ko‘magidan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish mexanizmlari ham belgilanishi mumkin. Qolaversa, metsenatlik faoliyati xususidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida faqat metsenatning roziligi bilan tarqatiladi. Ya’ni kimgadir beg‘araz homiylik qilgan subyekt o‘z ismini oshkor qilishni istamasa, uning faoliyati haqida keng jamoatchilikka ma’lum qilinmaydi. Lekin bu holat ko‘mak oluvchining berilgan yordamdan maqsadli foydalanayotganidan jamoatchilikni xabardor qilib borishiga to‘sqinlik qilmaydi.


Xullas, “Metsenatlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimizdagi ijtimoiy-ma’naviy, madaniy-ma’rifiy islohotlarni yanada jadallashtirishga, ilm-ma’rifat va madaniyat sohalariga beg‘araz homiylik qiluvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, bu orqali kelajak avlodni barkamol shaxslar sifatida tarbiyalash, shuningdek, jamiyatda insonning yashash muhitini yaxshilash hamda ijodiy faoliyati rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.