Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida videomurojaat bilan so‘zga chiqdi

  • 07:19 / 22.09.2021
  • 114

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 21-sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi doirasidagi umumiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat bilan so‘zga chiqdi.

Mirziyoyev o‘z nutqida yangi sharoitlarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi.

– Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda, iqlim jadal o‘zgarmoqda, ommaviy migratsiya oqimlari ko‘paymoqda, an’anaviy qadriyatlar zavol topmoqda.

Jahon taqdiri bilan bog‘liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur. Biz Bosh kotibning xalqaro munosabatlar tizimida hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, tashkilot faoliyatining samaradorligini va shaffofligini oshirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Ishtirokchilarning e’tibori bosh g‘oyasi fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishishdan iborat Yangi O‘zbekiston strategiyasi ishlab chiqilganiga qaratildi. 

– Asosiy maqsadimiz – 2030-yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar miqdori bo‘yicha “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishdir. Bu rejamiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari ruhiga uyg‘un ekanini ta’kidlash lozim, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu ma’noda pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani Toshkentda o‘tkazish taklif etildi.

Prezident Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi.

– Bizning asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni farovon va barqaror rivojlanayotgan, ishonch va do‘stlik makoniga aylantirishdir. Buning uchun biz qo‘shni va yondosh mintaqalar bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surgan haqida ma’lum qilindi. Shu munosabat bilan Afg‘oniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekani yana bir bor ta’kidlandi.

– Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishidan  nafaqat biz, qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas. Afg‘on masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’siri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim, – deb ta’kidladi Prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida O‘zbekiston dunyoning barcha davlatlari va global tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli, uzoq muddatli va ko‘pqirrali sheriklikni rivojlantirishga doimo tayyor ekanini ta’kidladi. Mamlakatimiz xavfsiz hamda barqaror o‘sish, farovon kelajakni barpo etishga qaratilgan yaqin hamkorlikni bundan keyin ham kuchaytirib boraverishi qayd etildi.