Moviy osmon ostidagi oltin shahar yoxud nima uchun odamlar La Rinkonadaga tashrif buyuradilar?

  • 13:43 / 06.12.2019
  • 696

Boliviya bilan chegaradosh And tog‘larida joylashgan La-Rinkonada aholisi 5100 metr balandlikda, bulutlar ostida yashaydi. La-Rinkonada odamlar tomonidan la’natlangan bo‘lishiga qaramay, faol ravishda kengayib bormoqda va shahar aholisi o‘sishda davom etyapti.

La-Rinkonada ekologik halokat zonasi bo‘lib, bu hudud ko‘proq Chukotkaning landshaftlariga o‘xshaydi. Ushbu aholi punktida yashovchilarning yagona mashg‘ulotlari – mahalliy tog‘larda mavjud bo‘lgan oltinlarni qazib olishdir.

Bugungi kunda shaharda 30 ming kishi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 99 foizi oltin qazib olish bilan shug‘ullanadi. Konchilikdan boshqa qishloq xo‘jaligi yoki birorta sanoat turi mavjud emas.

La-Rinkonada ekvator yaqinida va juda balandda joylashganligi sabab, hududda kech kuz havosi hukmronlik qiladi. Shaharda kanalizatsiya, suv ta’minoti va markaziy isitish tizimi yo‘q, asfaltsiz ko‘chalari esa minglab chiqindilarga to‘lib ketgan.

Qor erishi yoki kuchli yomg‘ir paytida suv toshqini sodir bo‘ladi. Uning oqimi oltin qazib olish sanoatida ishlatiladigan simob va boshqa zaharli elementlarni o‘z ichiga oladi. Tabiatshunoslar La-Rinkonadadan 250 kilometr uzoqlikda ham yer osti suvlaridagi simob miqdori odatdagidan bir necha baravar yuqori ekanligini aniqladilar.

Umuman olganda, shahar katta zavodga o‘xshaydi. Uylarning eshiklari yonida avtoulovlar o‘rniga vagonlar qatnaydi. Chorrahalarda maishiy chiqindilar to‘kiladigan maxsus qutilar o‘rnatilgan.

La-Rinkonadada hukumat va politsiya xizmati yo‘q, faqatgina bitta maktab bor. Bu yerga tashrif buyurgan mehmonlarga tog‘-kon shaharchasidagi yagona uy ikki kunga ijaraga beriladi.

Har oyda shaharda o‘ntagacha qotillik sodir bo‘ladi. Bu yerda kamdan-kam hollarda o‘g‘rilik yuz beradi, chunki talon-taroj qilinadigan narsalar va boy odamlar deyarli yo‘q. Qonli jinoyatlarning asosiy sababi – konchilar o‘rtasidagi mast holda pichoqlashish va qarta o‘ynagandan keyingi munozaralar hisoblanadi.

Kon ishchilari oyiga 30 kun ishlaydilar, buning uchun bir tiyin ham ololmaydilar. Xizmatlari evaziga oltin ajratib olish mumkin bo‘lgan toshni olib ketishlari mumkin. Tosh ichida oltin miqdori bo‘ladimi yoki yo‘q, bu ahamiyatsiz, shuning uchun fuqarolarning aksariyati qashshoqlikda yashaydilar.

Shuni ta’kidlash kerakki, Anddagi konni qimmatbaho deyish qiyin. Mahalliy tosh bo‘laklaridan oltinni hosil qilish uchun 250 tonna toshni qayta ishlash va yarim kilogramm simobni chidamli yerlarga tarqatish kerak. Rasmiy ravishda La-Rinkonada konida yiliga 10 tonna oltin qazib olinadi, deb ishonishadi.

Shahar aholisining aksariyati konda ishlashdan tashqari bo‘sh vaqtlarida, noqonuniy ravishda kon yaqinidan qimmatbaho metallarni qazib olish bilan shug‘ullanadilar.

La-Rinkonadadagi erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi – 50 yil. Ayollar esa biroz ko‘proq umr ko‘rishadi.

Bu yerda savdo rastalari, oziq-ovqat, dori-darmon va hatto, toza havo ham yo‘q. Lekin XXI asrning boshidan buyon shahar aholisi 235 foizga ko‘paydi. Osmon ostidagi bu qo‘rqinchli joyga olib boradigan yagona yo‘lda har doim qatnovlar amalga oshiriladi.