Muammolaringizni do‘stingizga emas, psixologga aytishingiz kerak bo‘lgan 5ta muhim vaziyat

  • 15:36 / 21.05.2020
  • 299

O‘z sirlaringizni ayta oladigan va bemalol ishonch bildiradigan dugonangiz borligi, albatta, yaxshi. Bunday insonlar bilan suhbat sizga motivatsiya beradi, hayotga bo‘lgan ishonchingizni oshiradi va o‘zgacha bir quvvat beradi. Ammo ba’zi hollarda o‘z muammolaringizni professionallar qo‘llariga ishonib topshirganingiz ma’qul. Quyidagi vaziyatlarda dugonangiz yoki yaqiningizga emas, psixoterapevtga murojaat qilishingiz kerak.

1. Suhbatdan keyin ham o‘zingizni yaxshi his qilmasangiz

Muammolaringizni dugonangiz yoki yaqin insoningizga aytganingizdan keyingi holatingizga ular javob bera olishmaydi. Munosabatlar va umuman har qanday muammolar masalasida psixologga murojaat qilsangiz, ular muammoga professional sifatida yondashadi. Uni har tomonlama o‘rganib, sizga yo‘l ko‘rsatadi. Dugonangiz qiyin vaziyatlarda inson o‘zini qanday tutishi haqidagi bilimlarga ega bo‘lishi mumkin, ammo u sizning hayotingiz va tuyg‘ularingizni o‘rganib to‘g‘ri xulosalar chiqarib, maslahatlar berish mas’uliyatini olmagan.

2. Bir muammoni qayta-qayta muhokama qilayotgan bo‘lsangiz

Uzoq vaqt davomida bir masala ustida bosh qotirayotgan bo‘lsangiz, bu ushbu masalada o‘sish bo‘lmayotganini anglatadi. Agar shunchaki kimgadir yuragingizni ochmoqchi, dardlaringizni to‘kib solmoqchi bo‘lsangiz, bu holda dugonangiz yoki sizni eshitishni biladigan yaqin insoningizga murojaat qilganingiz yaxshi. Nimadir o‘zgarishini kutayotgan yoki istayotgan bo‘lsangiz, psixologga murojaat qilishingiz kerak.

3. Har uchrashuvingizda nolisangiz

Do‘stlikning yoqimli bonuslaridan biri – emotsional qo‘llab-quvvatlash qabul qila olish imkonidir. Ammo suhbatingiz doimo sizning muammoyingizni hal qilish mavzusiga o‘tib ketsa, o‘zingizga “dugonamni tekin psixologga aylantirib olmadimmi?”, degan savolni berib ko‘rishingiz kerak. Unutmang, do‘stingizning ham o‘z shaxsiy hayoti bor va u doimiy nolishlaringizni eshitishga majbur emas. Bunday holda psixologga murojaat qilib, nafaqat o‘z muammolaringizdan xalos bo‘lishingiz mumkin, balki dugonangizni ham doimiy nolishlaringizdan asraysiz.

4. Do‘stingizning bandligi asabingizga tega boshlasa

Yaqin insoningizdan kerakli paytda qo‘llab-quvvatlash qabul qila olmaganingizda jahlingiz chiqishi normal holat. Ammo o‘z hayotingiz va tuyg‘ularingiz mas’uliyatini unga yuklab qo‘yishingiz va u sizga yordam berishga majburdek munosabatda bo‘lish adolatdan emas. Yaxshisi, psixologik muammolar masalasini shu soha mutaxassislari bilan muhokama qilgan ma’qul.

5. Uning o‘z muammolari bo‘lsa

Do‘stingiz o‘z muammolari bilan ovora bo‘lib yurgan paytda, undan sizni eshitishini so‘rashingiz aqlli insonlarga xos emas, albatta. Uning sharoiti va ahvoli bilan hisoblashmagan holda faqat o‘z muammolaringizni gapiraverishingiz egoistlik hisoblanadi. Shuning uchun ham bu kabi vaziyatlarda psixologga murojaat qilish kerak.