Muqaddas Ka'baning ichida qanday ilohiylik bor?

  • 19:54 / 02.07.2019
  • 46051

Yopiq eshik doim sirlidir. Qiziquvchan inson ongi to‘siq ortida qanday xazina borligini o‘zicha tahmin qilaveradi. Haqiqatdan ham, Ka'bai muazzamaning tilla eshiklari ortida nimalar borligi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Bir necha yuz yil muqaddam bu savolga hojat bo‘lmagan, chunki uning ichiga xohlagan inson kirishi mumkin edi. Hozir odamlar Ka'baning ichiga kirishni qo‘ya turing, tiqilinchda qora toshga qo‘llari tegsa katta gap. Ka'ba ichini tozalash marosimi Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)dan sunnatligi bois, shunda faqat davlat arboblari yoki yuqori martabali mehmonlargina bunday sharafga sazovor bo‘ladilar. Axir, har kuni eshik ochilaversa, minglab ziyoratchilar undagi tinchlik, osoyishtalik va sokinlikka aziyat yetkazishlari tabiiy. Muxlis.uz sayti bu haqda ma'lumot bermoqda.

Xo‘sh, ayni paytda ichkarida nimalar bor?

Eshikdan boshlaylik. Eshikni bezashga ishlatilgan tillaning miqdori uning – “oltin eshik” deb nomlanishiga va unga “dunyodagi eng qimmatbaho eshik” maqomi berilishiga haqli, lekin eng asosiysi u borliqdagi eng mo‘tabar dargohga yetaklovchi yo‘ldir. 1979 yili Ka'baga yangi eshiklar o‘rnatilgan va uni tayyorlash uchun 300 kilogramm sof oltin ketgan. Eshikka eshikni yasagan ustaning imzosi qo‘yilgan va atrofiga Qur'oni karimning quyidagi oyati karimasi o‘yib yozilgan: 

 
إِنَّ أَوَّلَ بَيْتٍ وُضِعَ لِلنَّاسِ لَلَّذِي بِبَكَّةَ مُبَارَكًا وَهُدًى لِلْعَالَمِينَ

 
Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi Uy – Bakka (Makka)dagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka'ba)dir (Oli Imron, 96). 

Yeri va devorlariga marmar plitalari yotqazilgan. Ushbu marmarlardan biri boshqalaridan rangi va tuzilishi bilan ajralib turadi. Makkai mukarrama musulmonlar tarafidan egallangandan so‘ng Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) aynan ana shu yerda namoz o‘qiganlar. Shuning uchun shu joyda qilingan ibodat savobi ulug‘ hisoblanadi. 

Devorlarda bir xil oraliqda Alloh uyini saqlash uchun qayg‘urgan buyuk shaxslarning ismlari va Ka'batullohda qilingan ishlarni yorituvchi matn va bezaklar osib qo‘yilgan. Bu kabi devoriy lavhlar hammasi bo‘lib o‘n dona, ularning so‘nggisi 1996 yilda qilingan ta'mirlash ishlari va unda bosh-qosh bo‘lgan shaxs haqida yozilgan. 

Ka'ba tomi dumaloq ishlov berilgan yog‘ochli uchta ustunda turadi. Ularning har biri uch farishta ismlari bilan nomlanadi. Aslida ustunlar faqat dekorativ shiftni ushlab turadi, haqiqiy tom undan 120 santimetr balandroqda. U “tik” yog‘ochidan puxta ishlangan va zamonaviy gidroizolyatsiya bilan qoplangandir. 

Ustunlar orasida yog‘ochli arqon tortilgan bo‘lib, unda ko‘pgina qadimiy chiroqlar va duolar solingan turli idishlar turadi. 

Devorlarning eshik bo‘yidan baland qismi va shiftga ipak mato qoplangan. Ichkarida yana bir eshik borki, uning ortidagi zina orqali tomga chiqiladi. Bu eshikka ham oz-muncha oltin ishlatilmagan. 

Ka'baga kiraverishda ko‘zga tashlanadigan ikki ustun oralig‘ida o‘rtacha kattalikdagi stol bor. Uning nima uchun mo‘ljallangani noma'lum. Bundan tashqari, mazkur stolning tortmasi (quti) ham bor, hozir unga duolar yozilgan yozuvlar qo‘yilsa kerak. Oldin unda Ka'bapo‘sh va chiroqlar saqlangan. 

Ha, to‘rt tomoning qibla, deganlari ana shu yer. Ichkarida na xazina, na sirli bilimlar olami, na boshqa olamga yetaklovchi yo‘l yoki g‘ayri-tabiiy hech narsa yo‘q. 

Ka'batulloh ichini bo‘shliq egallagan. Bu bo‘shliqqa kirgan inson fikrini jamlab ibodat qilishi va Alloh taolo bilan erkin muloqot qilishga hech narsa to‘siq bo‘la olmaydi.

Teglar