Muvaffaqiyatli kishilar qanday qilib barchasiga ulgurishadi?

  • 06:54 / 26.12.2018
  • 10065

Qanday qilib "uch Harvard savoli" yordamida sakkiz soatni tejash va ish kuni tugashi bilan ofisni tark etish mumkin? "Vaqtni boshqarishga oid 15 sir" kitobi muallifi Kevin Kruz milliarderlar, Olimpiya chempionlari va a'lochi-talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, taym-menejment bilan bog‘liq shu va boshqa savollarga javob berdi. HBR nashri Kruzning kitobidan qiziqarli parchalar bilan bo‘lishdi.

1440 daqiqa sehri

Biz vaqt - eng qadrli va tiklab bo‘lmaydigan resurs ekanini unutib, odamlarga qimmatli vaqtimizni "o‘g‘irlash"ga izn beramiz, yoki o‘zimiz uni shamollarga sovuramiz.

Yuragingizga qo‘lingizni qo‘ying va uning urishini his qiling. Nafas olishingizga e'tibor bering. Siz hech qachon bularni ortga qaytara olmaysiz. Aslini olganda hozirning o‘zidayoq men sizning bir necha yurak zarbingizu nafasingizni "o‘g‘irladim".

Biroq agar bu sizga vaqt qanday shiddat bilan o‘tayotganini tushunishga yordam bergan bo‘lsa, shunga arziydi.

Ehtimol, "Ha, vaqt muhim. Aynan shuning uchun ham men shu kitobni o‘qiyapman. Men buni tushunayapman!", deb o‘ylayotgandirsiz.

Biroq siz shu tushunchalaringizga muvofiq yashayapsizmi?

Endi pulga qancha vaqt ajratishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Imkon qadar ko‘proq pul topish maqsadida ertalabdan kechgacha ishlaysiz, topgan pulingizni oqilona sarflashga harakat qilasiz, kimdir ularni o‘g‘irlab qo‘yishidan xavotirda bo‘lasiz va nihoyat, "Qanday qilib millioner bo‘lish mumkin?" qabilidagi kitoblarni mutolaa qilasiz.

Siz pullarni ko‘kka sovurmaysiz, bank hisob raqamingizni diqqat bilan nazorat qilasiz va ko‘chadagi notanish kishilarga pul tarqatmaysiz.

Biroq aksariyatimiz o‘z vaqtimizni nimalarga sarflashimizga e'tibor bermaymiz.

Foto: flickr.com

1440 — hayotingizni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan sehrli raqam. Men sizlarni bu raqamlar sehrini his qilishga chaqiraman. Shunchaki bir varaq qog‘ozga yirik shriftda 1440 raqamini yozing va uni xonangiz eshigiga, televizor tepasiga, kompyuteringiz yoniga, ya'ni doim ko‘zingiz tushadigan va vaqtdek qimmatli resursning cheklanganini yodingizga solib turadigan joylarga osib qo‘ying. Endi atigi bir daqiqani qanday sarflashingiz mumkinligi haqida o‘ylang.

Ishlar ro‘yxatini tuzavermay, ularni bajarishga kirishing!

Nimaga intilmang, sog‘lom fikrlash sizning maqsadingiz aniq va o‘lchamli bo‘lishi kerakligiga ishora qiladi. "Pullarni tejash" maqsadi o‘rniga, masalan, "yil oxirigacha 5000 dollar tejash"ni maqsad qilish kerak. "Ortiqcha vazndan xalos bo‘lish" maqsadi o‘rniga esa "o‘n haftada 10 kg vazn tashlash" kabi aniq maqsad qo‘yish kerak.

Foto: Getty images

Eng muhim vazifani belgilab olganingizdan keyin uni kundalik rejalaringizga kiritishingiz zarur. O‘z kundaligingizni yoki reja-taqvimingizni oching va bu vazifaga imkon qadar ish kunining ertalabki soatlaridan vaqt ajrating.

Dyuk Universitetining psixologiya va axloqiy iqtisodiyot professori Den Arieli aksariyat odamlarda samaradorlik va kognitiv funksiyalar faoliyati cho‘qqisi inson to‘liq uyg‘ongandan keyingi ilk ikki soatga to‘g‘ri kelishini ta'kidlaydi.

Muvaffaqiyatli kishilar ro‘yxat tuzishmaydi, ular kundalik bajariladigan ishlar rejasini tuzishadi. Bu kitobni yozish uchun olingan barcha intervyu va so‘rovnomalar davomida men o‘zim uchun asosiy bilimlardan biriga ega bo‘ldim: nimadir bajarilishini istasangiz, buning uchun muayyan bir vaqtni ajratish kerak.

Ish jadvalingizga to‘g‘ri kelmaydigan kutilmagan ishlarga avtomatik ravishda quyidagicha reaksiya qilishga odatlaning: "Afsuski, soat 16:00 dan 17:00 ga qadar muhim ishim bor. 17:00 dan keyin suhbatlashishimiz mumkinmi yoki ertagacha kutamizmi?"

Rejalaringizni buzmaslik uchun muammolarni hal qilishni bo‘sh vaqtga qoldirishni o‘rganish — bu sizning samaradorligingizni sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi juda foydali odat.

Rejalashtirishdan vaqtni boshqarishning samarali jihozi sifatida foydalanishning yana bir usuli — mukammal hafta rejasini tuzish.

U qanday bo‘lishi kerakligi haqida o‘ylab ko‘ring.

Agar siz frilanser, maslahatchi yoki kouch bo‘lib ishlasangiz, sizning mukammal haftangiz loyihalar ustida ishlash, mijozlar bilan uchrashish, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirish va malaka oshirish, shaxsiy marketing tashabbuslaringiz ustida ishlash va g‘oyalar almashish maqsadida hamkasblar bilan uchrashuvlardan iborat bo‘lishi mumkin.

Agar siz o‘rta zveno rahbari bo‘lsangiz, sizning mukammal haftangiz jamoangiz bilan majlis qilish, murabbiylik, joriy masalalarni hal qilish, shuningdek xotirjam fikrlash va kelajak uchun rejalar tuzish uchun strategik rejalashtirishga vaqt ajratish.

Qaysi kasb egasi bo‘lishingizdan qat'i nazar, sizning mukammal haftangiz — har kuni shaxsiy ishlaringizni (masalan, oilangiz uchun ajratadigan vaqt, sport bilan shug‘ullanadigan vaqt, xobbiga ajratiladigan vaqt va dam olish uchun ajratiladigan vaqt) ham o‘z ichiga oladi.

Kundalik ishlar jadvalingizda shu kabi takrorlanuvchi jihatlarga muayyan vaqt bloklarini ajrating. Bu sizga hayotingizni maksimal darajada faoliyat yuritish va maksimal darajada zavq olish asosida qurishga yordam beradi. 

Ishlarni keyinga qoldirishga qarshi kurashamiz

Tasavvur qiling, ishlarni keyinga qoldirish yo kechiktirish odatingizni to‘liq yengdingiz. Hayotingiz qanchalik o‘zgarardi?

Ishlarni kechiktirish odatini yengish uchun uning sabablarini tushunish kerak. Ishlarni keyinga qoldirishingiz va va'daga vafo qilmasligingizga dangasaligingiz sabab emas, bunga sizga motivatsiya yetishmasligi yoki maqsad qo‘yayotganingizda odatlar kuchini (ya'ni "hozirgi o‘zingiz"ga nisbatan "kelgusidagi o‘zingiz"ni) yetarlicha baholay olmasligingiz sababdir.

Bizning kelajak haqidagi tasavvurlarimiz noaniq. psixologiyada bu "ayni damni buzish" deb ataladi. Biz kelajak uchun katta rejalar tuzamiz, hayotimizga keskin o‘zgarishlar kiritishga, boshqacha inson bo‘lishga qaror qilamiz, biroq kelajak boshlanib ayni damga aylanganida o‘sha-o‘sha shirinliklar, komediyalarni tanlashda va Facebook'ni ko‘zdan kechirishda davom etaveramiz. Bu ancha oson va qiziqarliroq. Hayotni esa tushlikdan keyin yoki dushanbadan boshlab yoxud eng yaxshisi, 1 yanvardan o‘zgartirish mumkin!

Foto: Getty Images

Navbatdagi loyihaga kirishish uchun ertalab o‘rnimizdan yaxshi kayfiyatda sakrab turmasligimizga orzularimizning yetarlicha motivatsiyaga ega emasligi sababdir. Ular bizga yetarlicha shijoat bag‘ishlay olmayapti. Oldingizda murakkab vazifa turganida uning ortida qanday og‘riq yoki zavq turgan bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylang.

Shu ishni bajarsam, qanday zavq olaman? Shunday qilmasam, qanday zarar ko‘raman? Mening maqsadlarimdan biri - har kuni jismoniy mashqlarni bajarish. Yoga, kuch-quvvat beruvchi mashqlar va yugurish yo‘lakchasidagi kardiomashg‘ulotlar. Sport bilan shug‘ullanishni kechiktirmasligim uchun u bilan bog‘liq og‘riq yoki zavqni yaqqol tasavvur qila bilishim kerak. Men nima uchun mashq qilishim kerak? Chunki chiroyli qomatga ega bo‘lishni istayman (kim buni istamaydi?), kuch-quvvatga to‘la bo‘lishni, sog‘lom yurak-qon tomir tizimiga ega bo‘lishni va bosh miyam yaxshi ishlashini xohlayman.

Agar mashq qilmasam, qanday zarar ko‘raman? Qorin osilishi, bo‘shashgan mushaklar (yoqimsiz ko‘rinish) va h.k. Kamharakat bo‘lsam, tizza sohasida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan og‘riqlar haqida o‘ylayman. Omadsiz dangasaga aylanishim haqida o‘ylayman. Hatto jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaslik - yaqinlarimga nisbatan hurmatsizlik ekani haqida o‘ylayman.

Ish joyingizni o‘z vaqtida tark eting

Omadli biznes-yetakchilarning turmush tarziga e'tibor bering:

Facebook operatsion direktori Sheril Sendberg har kuni o‘z farzandlari bilan birga tushlik qilish uchun ishdan 17:30 da ketadi.

Intel kompaniyasining sobiq prezidenti Endryu Grouv ishga soat 8:00 da kelib, 18:00 da ketgan.

400 dan ortiq kompaniyadan iborat konglomeratni boshqaruvchi Virgin Group asoschisi Richard Brenson o‘zining xususiy orolini tark etmaydi hisob, shunday bo‘lsa-da, u tobora ko‘proq aql bovar qilmas jahon rekordlarini o‘rnatadi.

Ular hammasiga qachon ulgurishar ekan?

Endryu Grouv o‘zining "Yuqori samarali menejment" kitobida bu sirni ochadi:

"Mening ishchi kunim barcha ishlarim tugaganida emas, o‘zim charchab, uyga ketishga tayyor bo‘lganimda tugaydi. Chunki menejyerning ishi xuddi uy bekasining ishiga o‘xshab hech qachon tugamaydi: doim bajarilishi kerak bo‘lgan qandaydir ishlar bo‘ladi".

Agar buni o‘z hayotingizga tatbiq qila olsangiz, bu sizning hayotingizni keskin o‘zgartirishi mumkin.

Foto: Pixabay

Haftasiga sakkiz soatni tejovchi "uch Harvard savoli"

2013 yilning sentyabrida professor Julian Birkinshou va Jordan Koen Harvard Business Review jurnalida samaradorlikni oshirishga doir tajribalari natijasi bilan bo‘lishishdi. Ular aql bilan ishlovchi yuqori malakali xodimlar o‘z vaqtining 41 foizini yo umuman professional qoniqish olib kelmaydigan, yo boshqalar tomonidan bajarilish mumkin bo‘lgan turli ikkinchi darajali ishlarga sarflashlarini aniqlashdi.

Nima uchun odamlar bu bilan shug‘ullanishda davom etishmoqda?

Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat o‘zini band his qilishni yaxshi ko‘radi, chunki bu ularning qadr-qimmatini oshiradigandek tasavvur uyg‘otadi. Ular kichik va ahamiyatsiz ishlarni bajarishdan ham qoniqish hosil qilishadi, hatto zerikarli majlislarni ham ijobiy qabul qilishadi, chunki bu ularga ish joyini tark etib, hamkasblari bilan muloqot qilish imkonini beradi.

Birkinshou va Koen odamlarni o‘z mehnatiga yangicha qarashga o‘rgatishganidan so‘ng ular vaqt tomondan ancha yutishdi. Bunday yondashuvga o‘rgatilgan xodimlar stol atrofidagi ishlarni - 6 soatga, majlislarga ketadigan vaqtni 2 soatga qisqartirib, haftasiga o‘rtacha sakkiz soat tejay boshlashdi.

Bunday yondashuvni amalda sinab ko‘rish uchun barcha ishlar va yig‘ilishlar ro‘yxatini tuzing va quyidagi savollarga javob bering:

1. "Aynan shu ish men yoki kompaniyam uchun qanchalik muhim? Uni bajarishdan to‘xtasam, nima bo‘ladi?"

2. "Bu ishni bajarishi mumkin bo‘lgan inson faqat menmanmi? Uni tashkilotdagi boshqa bir xodim bajarishi mumkinmi?"

3. "Qanday qilib xuddi shunday natijaga tezroq erishish mumkin? Vaqtim kam bo‘lganida bu ishni qanday bajargan bo‘lardim?"

"Uch Harvard savoli" sizga to‘liq rad etish yoki boshqa bir xodimga yuklash mumkin bo‘lgan nisbatan qadrsiz vazifalarni aniqlash, shuningdek muhim ishlarni bajarishning eng samarali usullarini topish imkonini beradi.

Teglar