MY5 telekanali ma’muriy javobgarlikka tortildi

  • 17:51 / 23.09.2021
  • 569

“Mening yurtim” telekanali kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi a’zolariga tegishli bo‘lgan kinofilmlarni ruxsatsiz va shartnoma tuzmasdan efirga uzatgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 11-avgust kuni Intellektual mulk agentligiga “O‘zbekiston kino ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi” o‘z a’zolarining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaatda “Mening yurtim” telekanali tomonidan assotsiatsiyasining o‘z a’zolariga tegishli bo‘lgan kinofilmlar ularning ruxsatisiz va shartnoma tuzmasdan efirga uzatilgani ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, ushbu ma’muriy ish materiallari Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, “Mening yurtim” telekanalining mansabdor shaxsiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-(1)-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan ma’muriy jarima jazosi qo‘llanilgan.

Mazkur modda bilan mansabdor shaxsga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solish mumkin. Shunga ko‘ra, 1 mln. 350 mingdan 2 mln. 700 ming so‘mgacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Teglar