Namangan shahri ham karantin sabab “o‘z eshiklarini yopdi”

  • 08:40 / 26.03.2020
  • 666

Viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida viloyat hokimining 2020-yil 25-martdagi tegishli farmoyishi bilan, 2020-yil 26-mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Namangan shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Namangan shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatildi.

Namangan shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Namangan shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Namangan shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Namangan shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan ma’sul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Farmoyishga asosan, karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha viloyat shtabi tuzildi.

Viloyat Shtabiga tegishli boshqarma, idora va tashkilotlar bilan birga Namangan shahriga kirish va chiqish joylariga vaqtinchalik postlarning faoliyatini tashkil qilish va nazoratni yanada kuchaytirish;

shahar hududiga kirish va chiqish joylarini mutaxassislar bilan ta’minlash hamda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash; 

Namangan shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalarini majburiy dezinfeksiya qilinishini ta’minlash;

shahar hududiga kirish va chiqishga qo‘yilgan cheklovlarga hamda aholining karantin qoidalariga qat’iy rioya etilishini hamda karantin qoidalarini buzgan shaxslarga o‘z vaqtida qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rilishini ta’minlash;

tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, ikki oy davomida o‘chirilmasligini ta’minlash vazifalari yuklatildi.

Namangan shahridagi “Chorsu” va “Yashil” dehqon bozorlari va oziq-ovqat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirilishida alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi ta’minlanadi.