Namanganda ikkita osmono‘par bino quriladi

  • 13:27 / 22.11.2019
  • 1409

Foto: Namangan Square matbuot xizmati

“Namangan square” majmuasida 10 ming kishi yashashi, ishlashi va dam olishi uchun turar joylar, ofislar va savdo markazlari barpo etiladi.

Namanganda qurilishi rejalashtirilayotgan ikki osmono‘par bino butun vodiy timsoliga aylanishi mumkin, deb xabar qilmoqda “Namangan Square” matbuot xizmati.

Ikki bino vodiy timsoliga aylanadi

“Har bir shahar o‘z timsoliga ega. Namanganda qurilishi rejalashtirilayotgan Twin Tower osmono‘par binolari nafaqat ushbu shaharning balkim butun vodiyning timsoliga aylanadi”, deyiladi xabarda.

Bino oltinrang chiziqlar bilan qoplangan

Bir-biriga qarama-qarshi joylashgan ushbu ikki osmono‘par binoning dizayni yevropa uslubida yasalgan bo‘lib, uning usti oltinrang chiziqlar bilan qoplangan.
Vodiyda birinchi osmono‘par binolar bo‘lishi rejalashtirilayotgan ushbu loyiha MJ Developers xalqaro kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya ushbu sohada Braziliya, BAA, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarda loyihalarni amalga oshirgan.

“Yasha. Ishla. Dam ol”

Namanganda “Yasha. Ishla. Dam ol” shiori ostida qurilayotgan ushbu yangi kvartal Namangan markazida joylashgan bo‘lib, 18 gektar maydonni egallaydi. Uning hududida 325 ming metr kvadrat ofis, turar joy va savdo obyektlari quriladi.
Shuningdek, Yangi kvartal shaharning muhim kommunikatsion portlariga yaqin va qulay joylashgan: aeroport – 1 km, temir yo‘l vokzali – 6,5 km.