NASAdagi astronavtlarning maoshi miqdori ma’lum qilindi

  • 18:31 / 13.08.2019
  • 1691

NASA astronavtlarining ish haqi yiliga 155 ming dollarni (oyiga taxminan 13 ming dollarni) tashkil qilishi mumkin. Bu haqida “РИА Новости”ga to‘rt marta kosmik parvozlarda ishtirok etgan Skott Kelli ma’lum qilgan.

Kosmonavtlarga kasallik ta’tillari, ta’til va sug‘urta pullari to‘lanadi, lekin ular xarajatlarning bir qismini ularning o‘zlari qoplashadi deydi u.

Kellining so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiy havo kuchlaridan NASAga kelgan harbiy kosmonavtlar boshqalarga qaraganda ko‘proq haq olishadi. Chunki, ular uchun daromad solig‘i kamaytirilgan. Harbiy kosmonavtlar uchun yana boshqa imtiyozlar ham mavjud. Jumladan, yuqori darajadagi pensiyalar.

NASA veb-saytida keltirilishicha, fazogirlikka nomzod bo‘lib kelgan fuqarolar soliq to‘lashdan oldin oyiga taxminan 5,5 ming dollar olishi mumkin. Bundan tashqari, ma’lumotlarga ko‘ra polkovnik unvoni bilan kosmonavtlikka nomzod bo‘lib kelganlar sakkiz yildan keyin oyiga taxminan 8 ming dollar, o‘n yildan keyin esa qariyb 10,3 ming dollar maosh olishi ma’lum bo‘ldi. Rossiyalik hamkasblaridan farqli o‘laroq, kosmonavtlarning maoshi ular fazoda yoki yerdaligiga bog‘liq emas. Parvozlar vaqtida ular faqatgina ramziy ma’nodagi “xizmat safari”ga yo‘l oladilar.