“Nasaf”ning OFK Kubogidagi g‘alabalari yaxshigina mablag‘ ham keltirmoqda

  • 08:26 / 23.09.2021
  • 396

Kecha futbol bo‘yicha OFK Kubogi Interzonal yarim finalidan o‘rin olgan “Nasaf” (O‘zbekiston) va “Mohun Bagan” (Hindiston) jamoalari o‘yini haqida batafsil ma’lumot berdik.
Bugun “Nasaf” klubining bu musobaqadagi keyingi taqdiri, O‘zbekiston Superligasidagi o‘rni va moliyaviy axvoli haqida fikr yuritamiz.
Demak, qarshiliklar OFK Kubogida Interzonal mintaqasining finaliga yo‘l oldilar. Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi "ajdarlar" bu bosqichda (OFK Kubogi yarim finali) Gonkongning "Li Man" klubi bilan kuch sinashishadi. Ushbu bahs 20 oktyabr kuni Qarshidagi "Markaziy" stadionda bo‘lib o‘tadi. 
O‘sha kuni ikkinchi yarim finalda "Al Muharraq" (Bahrayn) va "Al Kuvayt" (Kuvayt) klublari to‘qnash kelishadi. Ikkala juftlik uchrashuvi g‘oliblari OFK Kubogi finalida g‘oliblik uchun maydonga tushishadi.

Endi OFK Kubogining moliyaviy taraflari haqida so‘z yuritamiz. Kechagi g‘alabadan so‘ng, OFK “Nasaf” klubi hisobiga 100.000 dollar mablag‘ o‘tkazadi.
20 oktyabr kuni qarshiliklar o‘z maydonlarida Gonkong klubini mag‘lub etsalar, yana 750.000 dollarga ega bo‘ladilar. Bordi-yu, finalda ham g‘alaba qozonsalar, unda OFK ularga bosh sovrindan tashqari 1.500.000 dollar mukofot puli topshiradi.


1.500.000 dollarni so‘mga aylantirsak, 16 milliarddan oshadi. Bu “Nasaf” klubining tahminan yillik byudjetiga teng. Qarshiliklar yil boshidan beri moliyaviy muammolar girdobida bo‘lganlari hech kimga sir emas. OFK Kubogi musobaqasidagi g‘alabali yurishlari orqali esa o‘z hisoblarini yillik byudjetga teng mablag‘ bilan qoplamoqdalar. Boshqa klublar o‘rnak olsa bo‘ladigan xolat.

Ma’lumki, OFK musobaqa nufuzini oshirish maqsadida Kubok g‘olibi keyingi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishini e’lon qilgan. Ya’ni, “Nasaf” OFK musobaqasida g‘olib chiqsa, keyingi yilgi ishtirokini OCHL saralashidan boshlaydi. Lekin buning bitta minus tomoni ham bor. Bordi-yu, “ajdarlar” O‘zbekiston Superligasi yoki mamlakat kubogi orqali OCHLga yo‘l ololmasalar, unda ular shu huquqni qo‘lga kiritgan jamoa o‘rniga qatnashadilar. Aytaylik, “Paxtakor” chempion sifatida OCHL guruh bosqichida ishtirok etsa, O‘zbekiston Kubogi sohibi (agar u ham “Paxtakor” bo‘lsa, Superligada 2-o‘rin egasi) “So‘g‘diyona” yoki AGMK bo‘lsa, unda ular OCHLda qatnashmaydilar va o‘z o‘rinlarini “Nasaf”ga bo‘shatib beradilar.