“Naushnigingiz” sizga ko‘proq xizmat qilishini istasangiz... 

  • 16:02 / 13.02.2020
  • 957

Quloqchinlarsiz kuningizni tasavvur qila olasizmi? Ko‘pchilik bu savolga “yo‘q” deb javob bersa kerak! Chunki, hozirda aynan quloqchinlar hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylanib ulgurdi: ular bilan yurgan, o‘tirgan joyingizda musiqa tinglashingiz, do‘stingiz bilan suhbatlashishingiz mumkin. Miriqib musiqa tinglayman deb turganingizda buzilib qolsa bormi? Bundan yomoni bo‘lmasa kerak.
 
Sevimli quloqchinlaringiz sizga uzoq va beminnat xizmat qilishi uchun ularni to‘g‘ri parvarishlashingiz kerak. Buning uchun esa quyidagilarga amal qilish lozim.

Ularni muntazam tozalab yuring
Quloqchinlarda tez kir to‘planishi sabab har kuni tozalab turish zarur. Ularni artib tozalash uchun telefon ekranini artishga mo‘ljallangan yumshoq tolali mato va maxsus tozalovchi suyuqlik kerak bo‘ladi. Ammo hamma narsani tozalashdan oldin qurilma qo‘llanmasi bilan tanishib chiqish maqsadga muvofiq. Masalan, Apple o‘z quloqchinlarini paxtali cho‘pchalar bilan tozalashni tavsiya qiladi. Ularni tozalashda uchi o‘tkir buyumlardan foydalanmaslik kerak. Quloqchin “uychasi” – keysni esa yumshoq cho‘tka bilan tozalash lozim.  

Qurilma ichiga suyuqlik tushishining oldini olish
Suv o‘tkazmaslik xususiyatiga ega quloqchinlarni ham oqava suvda yuvish mumkin emas.

Ularni qattiq o‘ramang
Quloqchin simi chalkashib qolmasligi uchun uni nimagadir qattiq o‘rab qo‘yish tavsiya etilmaydi. Aks holda, ichidagi simlar zararlanib, ovoz o‘tkazish xususiyatini yo‘qotishi mumkin. Yaxshisi, ularni maxsus to‘pchalarga o‘rang yoki ularni shundayligicha chalkashgan holatda saqlang.

Musiqani baland qilmang
Juda baland musiqa nafaqat eshitish qobiliyatini izdan chiqaradi, balki quloqchinning ovoz o‘tkazish tizimini zo‘riqtiradi. Bu holatning surunkali davom etishi quloqchin umrini qisqartiradi.

Quloqchinni maxsus keysda saqlang
Quloqchinni sumkaga shunday o‘zini solib qo‘yish xavfsiz emas. Shu sabab ularni maxsus keys yoki idishchada saqlang. Bu quloqchinni zararlanishdan, kirlanishdan saqlaydi. Oddiy ammo kerakli tavsiyalarga amal qilsangiz, doimiy hamrohingiz  sizga anchagacha xizmat qiladi