Navbat Andijon shahriga. Shaharga kirish va chiqishda cheklovlar belgilandi

  • 13:06 / 26.03.2020
  • 91

Andijon viloyat hokimining 2020-yil 26-martdagi farmoyishi bilan, 2020-yil 27-mart kuni soat 00:01 dan boshlab, Andijon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Andijon shahridan Respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) to‘xtatiladi.

Viloyat hokimligi Matbuot xizmatiga ko‘ra mazkur farmoyish viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida qabul qilingan.

Xabarga ko‘ra, Andijon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Andijon shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga Andijon shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Andijon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan ma’sul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibdan boshqa zarurat bo‘lmaganda xarakatlanuvchi transport vositalar qatnovini karantin muddati tugagunga qadar to‘xtatib turiladi.

Shuningdek, shahar va tumanlardagi dehqon bozorlari va oziq-ovqat do‘konlariga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirilishida alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi ta’minlanadi.
“Ushbu farmoyishga asosan, belgilangan tartib va intizom karantin muddati tugagunga qadar qonuniy kuchga ega ekanligini bildirib o‘tamiz”, deyiladi xabarda.