Navoiy viloyatining ayrim hududlari aholisiga soliqdan qator imtiyozlar beriladi

  • 14:09 / 13.10.2021
  • 112

Sharoiti og‘ir bo‘lgan Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlarida tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlari foyda, yer, suv, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliqlardan ozod etiladi. Bu haqda O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev navoiyliklar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Shuningdek, viloyatda barcha infratuzilmaga ega 48 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularda 600 ta loyiha amalga oshiriladi, 10 mingta ish o‘rni tashkil etiladi, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida har yili 500 milliard so‘mdan ziyod mablag‘lar ajratiladi.

Mavjud rezervlarni ishga solish hisobiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini 2 barobarga oshirish choralari ko‘riladi. Kelgusi besh yilda foydalanishdan chiqqan 50 ming gektar yer o‘zlashtirilib, meva-sabzavotchilik va chorvachilik rivojlantiriladi. Bu qariyb 35 ming aholini band qilish imkonini beradi. Bunda, elektr tortish va quduq qazish xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.

Qiziltepa, Karmana, Navbahor va Xatirchida 14 ming gektarda yangi tokzorlar hamda 5 ming gektarda intensiv bog‘lar barpo etiladi. Natijada, 20 mingdan ortiq aholi band bo‘ladi. Viloyatda 1 ming gektarda zamonaviy issiqxonalar ishga tushiriladi va 3 ming xonadonda ixcham issiqxonalar quriladi. Bunda 7 mingdan ortiq aholi band bo‘ladi. 

Shu bilan birga, 20 ming gektar, shundan 5,5 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini ochiq tanlov asosida, aholiga 1 gektargacha uzoq muddatga ijaraga berish orqali 20 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.