Nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlar faoliyatida qanday tartibda tekshiruvlar o‘tkazadi?

  • 13:24 / 14.05.2019
  • 289

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, nazorat qiluvchi organlar quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda:

jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (rasmiy ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma'lumotlar asosida vakolatli organga tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishga haqli.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining anonim emasligi hamda tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik sub'yektning amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi nazorat qiluvchi organ tomonidan dastlab o‘rganib chiqilishi lozim.

Bir kunlik muddatda o‘tkaziladigan tekshiruvni kelishish uchun buyurtma nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi hududiy bo‘linmasi orqali Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlariga kiritiladi. Bir kunlik tekshiruvga soat 9:00-18:00 gacha ruxsat beriladi.

Muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvni kelishish uchun esa buyurtma nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi hududiy bo‘linmasi orqali uning markaziy apparati tomonidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga kiritiladi.

Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni o‘tkazish kelishilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.

Buyruqda tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjat nomi, raqami va sanasi, nazorat qiluvchi organning tekshiruvda ishtirok etadigan mas'ul xodimlari tarkibi, tekshiriladigan tadbirkorlik sub'yektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili, tekshiruv maqsadi, muddati va tekshiriladigan faoliyat davri ko‘rsatiladi hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.

Nazorat qiluvchi organning tegishli tarkibiy bo‘linmasi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvga uning boshqa tarkibiy bo‘linmalarining tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan xodimlari jalb etilishi mumkin.

Tekshiruvni faqat tekshiruvni o‘tkazishga ruxsat berilgan nazorat organi va xodimlar o‘tkazishga haqli.

Tekshiruv o‘tkazishga ruxsat berilgan nazorat organi yoki xodimlarning o‘zgarishi yoxud tekshiruvga qo‘shimcha xodimlar jalb etilishi faqat tekshiruvga ruxsat bergan vakolatli organning qarori bilan ruxsat etiladi.

Tekshiruv o‘tkazish jarayonida nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari o‘z vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi lozim.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik sub'yekti rahbarini (rahbarning vazifasini bajaruvchi shaxsni) yoki yakka tartibdagi tadbirkorni tekshiruv maqsadi bilan tanishtiradi, unga o‘z xizmat guvohnomasi va tekshiruv o‘tkazish huquqini beruvchi maxsus guvohnomasini ko‘rsatadi, Yagona tizimga tekshiruvning unikal kodini kiritish orqali tekshiruvga doir ma'lumotlarni olish huquqini tushuntiradi, shuningdek tekshiruvni o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar (tekshiruv o‘tkazish kelishilganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, nazorat qiluvchi organning tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i va tekshiruv dasturi) nusxalarini tilxat olgan holda topshiradi.

Tadbirkorlik sub'yekti o‘z so‘roviga ko‘ra o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida va real vaqt rejimida internet tarmog‘i orqali olishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 92-moddasida nazarda tutilgan hollarda mazkur bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan harakatlar nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari tomonidan tekshiruv tugallangunga qadar amalga oshiriladi.

Tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjatlar nusxasi tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yektiga tilxat olingan holda topshirilgan kun tekshiruvni o‘tkazish boshlangan kun hisoblanadi.

Tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yektining mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortganligi hamda har qanday to‘sqinliklari tekshiruvni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.

Tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yekti mazkur hujjatlarni olishdan bosh tortgan hamda har qanday to‘sqinliklarni vujudga keltirgan taqdirda, bu haqda nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi tomonidan dalolatnoma tuziladi. Bunda dalolatnoma rasmiylashtirilgan kun tekshiruvni o‘tkazish boshlangan kun hisoblanadi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari tadbirkorlik sub'yekti tomonidan taqdim etilgan “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘ldirishi shart.

Texnik imkoniyat mavjud bo‘lganda majburiy tartibda “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning elektron shakli to‘ldiriladi. Bunda qog‘oz shaklini to‘ldirish talab etilmaydi.

Tekshiruv natijalari to‘g‘risidagi dalolatnomaga “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ning to‘ldirilgan shakli (qog‘oz shakli to‘ldirilganda — elektron shakli to‘ldirilmaganligi sababi) yoki kitob taqdim etilmaganda — uning taqdim etilmaganligi to‘g‘risida tekshiruvchi tomonidan tegishli yozuv kiritiladi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari “Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni to‘ldirishdan bosh tortgan taqdirda yoki ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq taqdim etmagan hamda tekshiruvga vakolatli organning qarorida ko‘rsatilmagan shaxslarni jalb etish holatlarida, tadbirkorlik sub'yekti tekshiruv o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka hamda tekshiruvga ruxsat bergan vakolatli organ va Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmasiga xabar berishga haqli.

Tadbirkorlik sub'yektlari birlashmalarining a'zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektining faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlik sub'yekti so‘roviga ko‘ra mazkur birlashmalar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining a'zosi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektining faoliyatini tekshirishda esa palata vakillari ishtirok etishi mumkin.

Soliq maslahatchilari va (yoki) advokatlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektiga tekshiruv davomida shartnoma asosida tegishli xizmatlar ko‘rsatilishi mumkin.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkorlik sub'yekti rahbariga (rahbarning vazifasini bajaruvchi shaxsga) yoki yakka tartibdagi tadbirkorga mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarni tekshiruvda ishtirok etishga jalb qilish huquqini tushuntiradi hamda bu haqda tadbirkorlik sub'yekti rahbari (rahbarning vazifasini bajaruvchi shaxs) yoki yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘lgan hujjatlar nusxalari olinganligini tasdiqlovchi tilxatda ma'lumot qayd etiladi.

Tadbirkorlik sub'yekti tomonidan xabardor qilingan mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaxslarning tekshiruvda ishtirok etish uchun yetib kelmasligi tekshiruv o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Tekshiruv davomida nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari hamda tekshirilayotgan tadbirkorlik sub'yektlari O‘zbekiston Respublikasi “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 16 va 17-moddalarida belgilangan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarga amal qiladilar.

Tekshiruv bilan tadbirkorlik sub'yektining bevosita tekshiruv o‘tkazish yilidan oldingi uch kalendar yildan, moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar esa besh kalendar yildan ko‘p bo‘lmagan faoliyati qamrab olinishi mumkin. Bunda:

tekshiruv o‘tkazilayotgan kalendar yilning o‘tgan davri tekshirilishi mumkin;

tekshiruvni o‘tkazayotgan nazorat qiluvchi organ tomonidan ilgari tekshirilgan faoliyat davri bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazilmaydi.

Tekshiruvni belgilangan muddatda o‘tkazish imkoni bo‘lmagan hollarda, shuningdek tekshiruv boshlangandan keyin tadbirkorlik sub'yekti rahbari (rahbarning vazifasini bajaruvchi shaxs) yoki yakka tartibdagi tadbirkor tekshiruvda ishtirok eta olmagan, talab etilgan hujjatlar taqdim etilmagan yoki sohaviy mutaxassislar mavjud bo‘lmagan taqdirda, tekshiruv nazorat qiluvchi organning buyrug‘i asosida to‘xtatilib, uning asoslantirilgan murojaatiga ko‘ra tekshiruv yoki uning qolgan muddati vakolatli organning ruxsati bilan boshqa vaqtga ko‘chirilishi mumkin.

Muddati ko‘chirilgan tekshiruvni o‘tkazish tekshiruv to‘xtatilgan oydan keyingi oyning so‘nggi kunidan kechiktirmasdan ta'minlanishi lozim. Ushbu muddatda o‘tkazilmagan tekshiruv o‘tkazilmagan deb hisoblanadi. Bunday tekshiruv keyinchalik umumiy tartibda o‘tkazilishi mumkin.

Tekshiruv o‘tkazish jarayonida o‘rganish lozim bo‘lgan qo‘shimcha holatlar aniqlangan taqdirda, tekshiruv muddati nazorat qiluvchi organning asoslantirilgan murojaatiga ko‘ra Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning ruxsati bilan faqat bir marta, biroq tekshiruv kelishilgan muddatdan oshmagan vaqtga uzaytirilishi mumkin (masalan, olti kunga kelishilgan tekshiruvni uzaytirishda ko‘pi bilan yana olti kun qo‘shib berilishi mumkin).

Tekshiruv muddatini ko‘chirish va uzaytirish tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Tekshiruvni tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan manzilda o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni tadbirkorlik sub'yektining yozma roziligi bilan ushbu sub'yekt ro‘yxatdan o‘tgan yoki faoliyat yuritayotgan hududdagi nazorat qiluvchi organ binosida o‘tkazish mumkin.

Tekshiruvlar natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Tekshiruv dalolatnomasi kamida ikki nusxada tuziladi.

Bir kunlik muddatda o‘tkaziladigan tekshiruv dalolatnomasi tekshiruv o‘tkazilgan kunda, muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruv bo‘yicha esa, tekshiruv muddatining oxirgi kunidan kechiktirmasdan rasmiylashtirilishi shart.

Bunda tekshiruv dalolatnomasining nusxalari nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimlari va tadbirkorlik sub'yektining rahbari (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs) yoki yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan imzolanadi hamda bir nusxasi tadbirkorlik sub'yekti rahbariga (rahbar vazifasini bajaruvchi shaxsga) yoki yakka tartibdagi tadbirkorga uni olgan sanani ko‘rsatgan holda imzo qo‘ydirib topshiriladi.

Tekshirilgan tadbirkorlik sub'yekti o‘tkazilgan tekshiruv natijasi bo‘yicha o‘z e'tirozlarini dalolatnomada yozma ravishda aks ettirishi mumkin.

Tekshirilgan tadbirkorlik sub'yekti tekshiruv dalolatnomasini olishdan va (yoki) uni imzolashdan bosh tortganda, nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi bu haqda dalolatnomaga tegishli yozuv kiritadi va shu paytdan e'tiboran tekshiruv tugagan hisoblanadi.

Bu holda tekshiruv dalolatnomasining bir nusxasi u tuzilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan tadbirkorlik sub'yektiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.

Tekshiruv dalolatnomasi nazorat qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi.

O‘tkazilgan tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan dalolatnomada qayd etilgan qonunbuzilish holatlari to‘g‘risidagi xulosalar tekshiruv yakunlangandan so‘ng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik sub'yektiga nisbatan qo‘llanilgan ta'sir choralari to‘g‘risidagi ma'lumotlar (yozma ko‘rsatma, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qo‘llash to‘g‘risida qarorlar, sud qarorlari) mazkur choralar qo‘llanilgandan so‘ng bir ish kunidan kechiktirmasdan nazorat qiluvchi organlar tomonidan Yagona tizimga kiritilishi lozim.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar nazorat qiluvchi organning markaziy apparati, vakil devonining hududiy xodimlari orqali kelishilgan tekshiruvlar bo‘yicha ma'lumotlar nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi tegishli bo‘linmasi tomonidan Yagona tizimga kiritiladi.

Tekshiruv natijasida aniqlangan bank siriga oid ma'lumotlar Yagona tizimga kiritilmaydi.

Tekshiruvda jinoyat alomatlari aniqlangan taqdirda nazorat qiluvchi organ tekshiruv yakunlangan vaqtdan boshlab 10 kun ichida barcha xujjatlarni prokuratura organlariga yuborishi shart.