Nega xotira pand beradi? Buning 6 sababi va yechimi

  • 15:29 / 14.01.2020
  • 1177

Miyamizning esdan chiqarish qobiliyati – tabiiy himoya mexanizmidir. Yo‘qsa, psixikamiz ortiqcha zo‘riqishga bardosh berolmasdi. Ammo esdan chiqarib qo‘yish qayta-qayta takrorlanaversa, noqulaylik va yoqimsiz holatlar tug‘diradi. Bu nima bilan bog‘liq? Vaziyatni qanday tuzatish mumkin?

1. Uyqu kamligi 
Ishga layoqati yuqori yoshda odamlarda xotiraning pand berishi eng keng tarqalgan holatlardan biri. Pala-partish va tig‘iz hayot tarzi, ortiqcha ish va internetda “suzish” – muammoning kelib chiqishga sabab bo‘ladi. Odam uyquga 6 soatdan kam vaqt ajrata boshlaydi. Olimlarning kuzatishlariga qaraganda, bir hafta davomida yetarlicha uxlamaslik tufayli miyaning axborotni eslab qolish qobiliyati pasayadi. Bu vaziyatning eng yomon yechimi – preparatlarga murojaat qilish. Dam olishning yetarli bo‘lmasligi tufayli eslab qolishning zaiflashuvi kasallik emas. Undan xalos bo‘lish uchun mehnat va dam olish rejimini to‘g‘ri tashkillashtirish va yetarlicha uxlash kifoya.

2. Balanslanmagan ovqatlanish

забывчивость

Diyetalar, ayniqsa, ozdiradigan monodiyetalar eslab qolish funksiyasida buzilishlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, juda qattiqqo‘l hisoblanuvchi ketodiyetlar (bunda ratsiondan uglevodlar deyarli olib tashlanadi, yog‘lar miqdori esa minimallashtiriladi) bu borada xavflidir. Gap shundaki, miyaning normal faoliyat ko‘rsatishi uchun yog‘ kislotalari zarur. Ular tanqis bo‘lsa, kognitiv funksiyalar va xotira aziyat chekadi. Shu sabab diyetalardan voz kechgan ma’qul. Buning o‘rniga sog‘lom oziqlanishni boshlash lozim, kaloriyalar tana konstitutsiyangizga mos kelsin. Shuningdek, tunda yeyish – katta xato. Organizm uyquga tayyorgarlik ko‘rib, susaya boshlaydi, juda kech ovqatlanish bilan oshqozonni ishlashga va ovqat hazm qilishga majbur qilasiz.

3. Zararli odatlar
Alkogol va chekish fiziologik darajada xotira bilan bog‘liq muammolar keltirib chiqaradi. Har bir tamaki mahsuloti kamida tomirlarning yallig‘lanishiga olib keladi, nikotinning tez reaksiya ko‘rsatish va eslab qolishga mas’ul hujayralar o‘limiga olib kelishini aytmasa ham bo‘ladi. Alkogol esa diqqatni jamlash qobiliyatini susaytiradi. Kognitiv qobiliyatlar zaiflashadi, jismoniy va psixologik charchoq kuchayadi. Natijada, miya rivojlanishida “ortga tisarilish” bo‘ladi – xotira pand berishi va ba’zi xotiralarni unutish shundan.

4. Har doim hamma narsaga ulgurishga intilish

Kundaligingiz bajarilishi kerak bo‘lgan o‘nlab ishlar ro‘yxatiga to‘lib ketgan bo‘lsa, xotirangiz sustligining sababi – oddiy charchoq. Miyangiz unga yuklanayotgan ko‘p ishlarni eplolmayapti. Ishini osonlashtirish uchun u eng muhim narsalarni tanlaydi va eslab qoladi, qolganlarini esa esdan chiqaradi. Shuning uchun yo‘qotishlarsiz qila oladigan va kuchingiz yetadigan ishlarni rejaga kiriting.

5. Organizmning suvsizlanishi 
Miya optimal rejimda faoliyat ko‘rsatishi uchun yog‘ kislotalaridan tashqari, yetarli darajada suv ham talab qilinadi. Ish ko‘pligidan kam suv ichayotganimizga e’tibor bermaymiz. Nima ichayotganimiz ham muhim. Choy, qahva, gazlangan ichimliklar suv balansini ushlashga emas, aksincha, suyuqlikni chiqarib yuborishga sabab bo‘ladi. Natijada miya yomonroq ishlaydi. Birinchilardan bo‘lib xotira aziyat chekadi. Shuning uchun yuqoridagi suyuqliklardan ko‘ra, gazsiz ichimlik suvini iste’mol qiling.

6. Stress
Ishda va uydagi kutilmagan “syurprizlar” asab tizimining zo‘riqishiga olib keladi. Bunday holatlar tez-tez takrorlanib tursa, surunkali stress paydo bo‘ladi. Asab tizimi doimiy zo‘riqish ostida bo‘ladi, organizm hamma kuchini eslab qolishgamas, tirik qolishga qaratadi. Bu holatda xotira sustligidan qutilish uchun yaxshi (ba’zida uzoq) dam olish va stressni keltirib chiqaradigan omillarni bartaraf qilish yordam beradi.