Nemislar bir oyda qancha oylik olishadi va soliqlardan so‘ng qo‘llarida qancha pul qoladi?

  • 08:53 / 15.07.2019
  • 1513

Foto: Getty Images

Germaniyada oddiy qoida mavjud: qancha ko‘p pul topsangiz, shuncha ko‘p soliq to‘laysiz. Ammo qancha?

Germaniyada eng talab yuqori kasblardan biri - dasturchilik. Statista portalining ma'lumot berishicha, hozirda dasturchi bir oyda o‘rtacha 5000 yevro topadi. Soliqlar to‘langanidan so‘ng qo‘lida qancha pul qolishini uning misolida ko‘rib chiqamiz.

Germaniyada soliq stavkasi miqdoriga – u 14dan 42 foizgacha bo‘ladi – nafaqat maosh miqdori, balki oilaviy ahvol ham ta'sir qiladi. Biz ko‘rib chiqayotgan misolda 12,72 foizlik stavka uchraydi. Bu Germaniyada bolalar uchun ajratiladigan nafaqa soliqqa tortilmasligi natijasida yuzaga keladi. Oila qurmagan va farzandi bo‘lmagan shaxslar oilalilarga nisbatan ko‘proq soliq to‘lashadi. Oilasiz va farzandsiz bo‘lgan dasturchi bir oyda 5000 yevro topsa, barcha soliq va ijtimoiy ajratmalardan so‘ng uning qo‘lida 2923,32 yevro qoladi. Oilasi va farzandlari bo‘lgan hamkasbi qo‘lida esa 3361,50 yevro qoladi.

Daromadning asosiy qismi daromad solig‘ini to‘lashga ketadi - bo‘ydoqlar qariyb 21 foiz, oilalar 13 foiz atrofida to‘lashadi.

Germaniyada ishlaydigan har bir kishi yangi federal yerlar bilan birdamlik badalini to‘laydi. Uning miqdori ham maosh miqdoriga bog‘liq. Oilasi bo‘lmagan mutaxassis oilaliga nisbatan 3,5 baravar ko‘proq – oylik maoshining 1 foizidan sal ortiqroq miqdorda badal to‘laydi.

Ijtimoiy ajratmalarga esa oilaviy ahvol unchalik ham ta'sir ko‘rsatmaydi. Pensiya jamg‘armasi, tibbiy sug‘urta, parvarish zaruriyati ehtimoli sug‘urtasi va ishsizlik ehtimoli sug‘urtasi uchun bo‘ydoq dasturchi 997, oilali dasturchi esa 986 yevro to‘laydi.

Natijada oilali dasturchining qo‘lida maoshining 67 foizi, oilasiz dasturchining qo‘lida esa maoshining 59 foizi qoladi. 

Teglar