Nima sababdan to‘fonlar ayollar nomi bilan atalishini bilasizmi?

  • 09:31 / 09.09.2019
  • 2193

Har yili sayyorada yuzlab tornadolar, to‘fonlar sodir bo‘ladi. Televideniye yoki radio orqali sayyoramizda yuz berayotgan tabiiy ofatlar haqida muhim xabarlar va tafsilotlarni kuzatamiz. Jurnalistlar har doim bo‘ron va to‘fonlarni ayol nomlari bilan atashadi. Bu an'ana qayerdan paydo bo'lganligini bilish esa barchaga qiziq bo‘lsa kerak. Biz ham sababini bilishga harakat qilib ko‘rdik.

Odatda bo‘ron nomi ularni chalkashtirib yubormaslik uchun, ayniqsa dunyoning bir mintaqasida turli tropik siklonlar orqali ob-havoni prognoz qilishda ishlatiladi. Qolaversa, odamlarda ortiqcha vahima tug‘ilmasligi uchun bo'ronli ofatlar haqida oldindan ogohlantirib qo‘yishda uning nomlari yordam beradi.

Dastlab bo‘ronlar nomlanishdan oldin, hech qanday tizimlarsiz, tasodifiy nomlar bilan atalgan. Ba’zan ular falokat yuz bergan kun sifatida, avliyo nomlari bilan ham atalgan. Misol uchun, 1825-yilning 26-iyul kuni Puerto-Riko shahrida sodir bo‘lgan to‘fon “Santa Anna” nomini olgan. 

Ba'zida nomlar bo'ronning rivojlanish shakli bilan aniqlandi. Misol uchun, 1935-yildagi bo'ron "Igna" 4 nomini olgan. Chunki u o‘zidan huddi igna qoldirgani kabi iz qoldirib o‘tgandi. 

Bo'ron nomlarini aniqlashning eng noodatiy usulini avstraliyalik meteorolog Kleman Rugg taklif qilgan, u ob-havo tadqiqoti uchun kredit ajratishni rad etgan parlament a'zolarining ismlari qo‘yilishini tavsiya qilgan edi. 

Ikkinchi jahon urushi davrida siklon nomlari keng tarqalgan. AQSh havo va dengiz kuchlarining meteorologlari tinch okeanining shimoli-g'arbiy qismidagi to‘fonlarni kuzatishgan va harbiy meteorologlar ularning nomini chalkashtirmaslik uchun, rafiqasi yoki qaynonasining ismlari bilan atashgan. Urushdan so'ng esa AQSh milliy meteorologiya xizmati alifbo tartibida ayollarning ismlarini ro‘yxat qilib chiqishgan. Ushbu ro'yxatni tuzishdan asosiy maqsad, qisqa, oson va esda qolarli nomlarni tanlash edi. 

To‘fonlar nomlari uchun 84 ayol nomlari ro'yxati mavjud edi. 1979-yilda Jahon meteorologiya tashkiloti AQSh milliy meteorologiya xizmati bilan birgalikda ushbu ro'yxatni kengaytirdi va tabiiy ofatlarga erkaklar nomi ham qo‘yilishi kiritildi.

Hozirda, nechta dovul sodir bo‘lgan suv havzalari bo‘lsa, ana shuncha ismlarning ro'yxati ham mavjud. Atlantika havzasidagi dovullar uchun alifbo tartibidagi 6 ta ro'yxat mavjud bo‘lib, unda 21 xil nom kiritilgan. Ular 6 yil ketma-ketlikda ishlatiladi. Agarda yiliga 21 dan ortiq Atlantika dovullari sodir bo'lsa, unda yunon alifbosi ham kuchga kiradi.

Agar to‘fon juda halokatli sodir bo‘lsa, unga berilgan nom ro'yxatdan o'chiriladi va boshqasi bilan almashtiriladi. Ulardan biri “Katrina”dir.

Tinch okeanining shimoli-g'arbiy qismida sodir bo‘lgan to‘fonlar uchun hayvonlar, gullar, daraxtlar va hatto mahsulotlar nomlari qo‘yiladi. Masalan: Nakri, Yufung, Kanmuri, Kopu. 

Yaponiyaliklar esa to‘fonlarga ayol nomlarini berishni xohlamaydi, sababi ular uchun ayollar nihoyatda yumshoq va sokin fe’lli hisoblanadi. 

Teglar