Nima uchun O‘zbekistonda avtomobil sanoati rivojlanmadi?

  • 14:11 / 26.06.2021
  • 592

O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab ko‘plab rivojlanayotgan (asosan, Lotin Amerikasi) mamlakatlar o‘zlarida sanoatni rivojlantirishga qattiq bel bog‘lashdi va natijada importning o‘rnini bosuvchi siyosat ommalasha boshladi.  

Rivojalanayotgan davlatlar sanoatni himoya qilish orqali rivojlangan davlatlar darajasiga yetib olishni xohlashgan edi. Sanoatni himoya qilishda ular arzon ishchi kuchini kuchli argument sifatida ko‘rishdi. Ya’ni ishchi kuchining arzonligi bu davlatlarga rivojlangan davlatlarga nisbatan nisbiy ustunlik berishi kerak edi...

Mustaqillika erishilgandan keyin O‘zbekistonda ham sanoat sohalarini tashqi raqobatdan himoya qilish orqali mamlakatda sanoatni rivojlantirishga qattiq bel bog‘landi. Shunday sohalardan biri avtomobil ishlab chiqarish edi. 1993-yilda asos solingan va rasman 1996-yildan boshlab faoliyatini boshlangan milliy avtomobil zavodimiz mana oradan 25 yil o‘tishiga qaramasdan haligacha tashqi raqobatdan himoya qilinadi. 

Xo‘sh, nima uchun bu soha bizda rivojlanmadi?

Avtomobil ishlab chiqarishning rivojlanmaganligiga asosiy ikkita sabab bor.

Avtomobil ishlab chiqarish kapital intensiv va nisbatan yuqori malakali ishchilar talab qiluvchi soha hisoblanadi. Ya’ni mehnatga nisbatan ko‘proq kapital hamda ishlayotgan ishchilarning malakasi yuqoriroq bo‘lishini talab qiladi. Xo‘sh, mamlakatimiz 90-yillarning boshida yuqoridagi ikkita talabdan qaysi biriga javob berar edi? Afsuski hech qaysinisiga.  

Birinchidan, musqaqillikka erishgan vaqtda aholining kapital bilan to‘yinish darajasi juda past bo‘lgan. Eng qizig‘i aholining daromadi 1995-yilda 1991-yildagi darajadan ko‘ra pastroq bo‘lgan. Ya’ni mustaqillikdan keyingi besh yilda aholi daromadi kamayuvchi tendensiyani qayd etgan. Tabiiyki, bu mamlakatning kapital bilan ta’minlanganlik darajasining ham kamayishiga olib kelgan. Mamlakatimizning 90-yillardagi kapital bilan ta’minlanganlik darajasi esa hech qanaqasiga kapital intensiv sohani rivojlantirishga imkon bermas edi. Ammo mavjud kapitalning (chet eldan kelganlarining ham) katta qismi kapital intensiv sohalarga sarflangan (kapital o‘sha sohalarni to‘liq ta’minlash uchun baribir yetmagan) va potensial rivojlanish imkoniyatiga ega bo‘lgan ko‘p mehnat va past malaka talab qiluvchi sohalar rivojlanmasdan qolib ketgan (yoki yetarlicha rivojlana olmagan).

Ikkinchidan, yuqorida aytganimdek, avtomobil ishlab chiqarish nisbatan yuqori malaka talab qiluvchi soha hisoblanadi. O‘sha vaqtlar mayli, hatto, hozir ham bizda avtomobilsozlikni to‘liq ta’minlaydigan yuqori malakali ishchilar yetishmaydi, deb hisoblayman. Bitta misol keltiraman, adashmasam 3-kursda (2018-yil) GM motor zavodiga ekskursiyaga borgan edik. Zavodni aylanib bo‘lgandan keyin menda: bu zavod faqatgina motorning qolipini ishlab chiqarar ekan, xolos, degan xulosa paydo bo‘lgan. Chunki motorning ichiga qo‘yiladigan yuqori malaka talab qiluvchi detallarning katta qismi import qilinar ekan.  Odatda qaysidir detallarning import qilinishi ko‘p uchraydigan odatiy holat. Ammo mamlakatimizning hozirgi sharoitida ya’ni dollarning yiliga taxminan 15 foiz qadri oshishi, bu kabi zavodlar ishlab chiqargan mahsulotning yillar davomida qimmatlashib borishiga olib keladi. Tabiiyki, bunday sharoitda bu sohalar hech qachon rivojlanmaydi. Vaqtlar o‘tishi bilan esa, hatto ichki bozorda ham kuchli himoya evaziga yashab qolish darajasiga kelib qoladi. 

Bu gap shu sohalarni 100 foiz lokalizatsiya qilish kerakligini anglatmaydi.

Shunchaki, mustaqillikning ilk yillaridan erkin savdo bilan o‘sha vaqtda nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan sohalarimizning rivojlanishiga imkoniyat berilganda, katta ehtimol bilan hozirgi kunga kelib tashqi savdo balansi musbat bo‘lar edi. Bu esa, so‘mning qadri bir maromda saqlanishi bilan birga mamlakatda hozirgidan ko‘ra ko‘proq kapital paydo qilish imkoniyatini yaratar edi.

 

Mirkomil Xolboyev, Jeonbuk national university magistranti

Jeonju, Janubiy Korea