Nima uchun vaqt bu qadar tez o‘tadi, uni qanday sekinlashtirish mumkin?

  • 07:44 / 12.02.2019
  • 4215

Ulg‘ayganimiz sayin vaqt tobora tezroq o‘tadi. Buning sababi hayotni qanday his etishimiz bilan bog‘liq. Agar u o‘zgartirilsa, vaqt sur'atiga ta'sir ko‘rsatish mumkin.

Dayana Raeb
Amerikalik yozuvchi, ruhshunos, o‘qituvchi va rag‘bat beruvchi notiq.

Nima uchun yosh o‘tgani sari vaqt tezroq o‘tadi?

Bolalikdagi cheksiz yoz fasli tugaydi, vaqt tobora tez olg‘a ildamlaydi. Bu omil bilan ertami-kechmi hamma yuzma-yuz keladi.

Mazkur holat sodir bo‘lishi bilan bog‘liq turlicha nazariyalar mavjud. Ulardan mantiqqa eng yaqini bolalik va o‘smirlikda ko‘p narsalarni birinchi marta amalga oshirishimizdir. Maktab yoki universitetdagi ilk kun, birinchi avtomobil, birinchi ish kuni… Ana shunday ilk voqealar bizni mayda detallargacha ham eslab qolishga undaydi. Qanchalik batafsil eslab qolsak, u bizga mazmunga boy bo‘lib tuyuladi.

Bunday tajribani qayta-qayta boshdan o‘tkazganimizda esa yangilik hissi bo‘lmaydi. Shuning uchun ham vaqt tezlashib ketadi.

Bu holatni ta'tilda ham his etamiz. Ilk kunlar keyingilari kabi u qadar tez o‘tmaydi. Bu sayohatning ikkinchi qismida atrofdagilar bizga tanish bo‘lib qolishi bilan bog‘liq.

Vaqtni his etishni o‘rganuvchi neyrobiolog Devid Iglman uni tajribamiz bilan qay darajada yaqin munosabatga kirishishimizga qarab o‘zgaradigan elastik narsa deb ataydi. Bu aloqa qanchalik kuchli bo‘lsa, vaqt ham shuncha sekin harakatlanadi.

Agar e'tiborliroq bo‘lsak, vaqt sekinlashadi. Chunki ko‘proq narsani his etish, sezishni boshlaymiz.

Bunday holat ayniqsa favqulodda vaziyatlar va kutilmagan holatlar vaqtida sodir bo‘ladi. Chunki bu kabi vaziyatlarda detallarga e'tibor berishga moyil bo‘lamiz.

Vaqtni qanday qilib sekinlashtirish mumkin

Vaqt uni his etishimizga bog‘liq ekan, demak, uni sekinlashtirishga qodirmiz.

Anglash qobiliyatini mashq qildirish – yaxshi yo‘l.

Buni ovqat vaqtida taomning har bir bo‘lagini asta-sekin va uzoq chaynab amalga oshirish mumkin.

Boshqa bir usuli – suv yoki daraxtlarni kuzatib, qushlar sayrog‘iga quloq tutib, tabiat qo‘ynida bo‘lish.

Yana bir a'lo usul – o‘tmishdagi tajribaning barcha detallarini yodga olish va boshqa odamlar bilan og‘zaki yoki yozma tarzda o‘rtoqlashish.

Ushbu mashq uchun qo‘llash mumkin bo‘lgan mavzular quyidagilar:

  • O‘tgan yilgi esda qolarli fursatlar haqida yozing.
  • Sizga ta'sir ko‘rsatgan tug‘ilish va o‘lim holatlari bilan bog‘liq barcha voqealar haqida yozing.
  • Faxrlanadigan yutuqlaringiz haqida yozing.
  • Sizga biror yaxshilik qilgan kishiga minnatdorchilik xati yozing.
  • Hayotingizdagi ijobiy o‘zgarishlar haqida yozing.