Nobel sovrindorlarining kutilmagan savollarga javoblari

  • 23:09 / 11.12.2014
  • 5418

Nobel mukofotini topshirish marosimi va tantanali ziyofatdan oldin 2014 yil sovrindorlari qator kutilmagan savollarga javob berishdi.

10 dekabrda Stokgolmda Nobel mukofotini topshirish marosimi o‘tkazildi. Uchta tabiiy-ilmiy nominatsiya g‘oliblari g‘alati oltita savolga (bolalik, marhum daholar bilan suhbat, tabiat qonunining buzilishi va supermiyaga savollar) javob berishdi. 

1. Bolaligingiz yoki yoshligingizda fanga qiziqib qolishingizga sabab bo‘lgan biror katta voqea bo‘lganmi?

2. Eynshteyn va Edisonning o‘qituvchilari bo‘lajak daholarning katta odam bo‘lolmasligini bashorat qilgani haqida latifalar bor. Sizda shunga o‘xshash voqea bo‘lganmi?

3. Aynan shu ish uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishingiz xayolingizga kelganmi?

4. Tasavvur qiling, sizda o‘z kashfiyotingiz haqida o‘tmishda yashagan bir olim yoki faylasufga so‘zlab berish imkoni bor. Kimni tanlagan bo‘lardingiz?

5. Tabiatning siz mantiqsiz, deb hisoblagan va bekor qilishni istagan qonuni bormi?

6. Agar Xudoga, supermiyaga yoki boshqa har qanday g‘ayritabiiy kuchga fan haqida savol bera olganingizda, nima haqda so‘ragan bo‘lardingiz?

Uilyam I. Myorner, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (Stenford universiteti, AQSh)

1. Hali ancha kichkinaligimda, otam menga “Radio elementlari” kitobini bergan. Modulyatsiya chizmalari, radioaloqa prinsiplari — shunga o‘xshash narsalar. 

Yana kimyoga qiziqardim: uyimizning orqasida “klub binosi” deb ataladigan ombor bo‘lardi, men o‘sha yerda tajriba o‘tkazardim. 

Ammo radio haqidagi kitob meni ko‘proq qiziqtirdi: elektronikaga boshim bilan sho‘ng‘idim. Ikki kilovoltga yuqori bosimli generator yasadim. Radiohavaskor litsenziyasini oldim. Fizik talaba bo‘ldim. Va hokazo. Biologiyaga esa yaqindan qiziqa boshladim, men abadiy talabaman. 

2. O‘qituvchilar bunga o‘xshash gaplarni gapirishganini eslolmayman. Ammo universitetda mendan nazariyotchi fizik chiqmasligini aytishgandi. Biroq bu hech nimani o‘zgartirmasdi: u paytda men tajribalar o‘tkazishni boshlagandim. 

3. “Bu ishim, albatta, Nobelni olib keladi!” deb o‘ylaganman deyolmayman. “Bo‘lishi mumkin, juda bo‘lishi mumkin”, deb o‘ylaganman. Chindan ham bu tajriba avvalgi tajribalarimdan muhimroqligini sezganman. Biroq hammasi bu qadar uzoqqa borishini tasavvur qilmagandim.

4. Ervin Shredingerni tanlayman. Nima uchun? Bu buyuk nazariyotchi fizik, kvant mexanikasi asoschilaridan biri. 

Unga yolg‘iz molekulalarni qanday kuzatishimizni aytib berishni xohlardim. 

5. G‘alati savol. Tabiatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Xususan, kashfiyotlarimizdan so‘ng Abbe difraksion chegarasi hech qayerga yo‘qolmadi. Shunchaki biz chetlab o‘tish yo‘lini topdik. 

6. Bilmadim. 

Xirosi Amano, fizika bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (Nagoy universiteti, Yaponiya)

1. Yuqori sinflarda fizikani o‘zlashtirishim qiyin edi, faqat universitetda uni tushuna boshladim. Men fizik emasman, muhandisman. Fizika fakultetida emas, elektronika va kompyuter fanlari fakultetida ishlayman.

Aspirantura uchun ish mavzusini tanlaganimda, moviy svetodiodlar — bu juda oson, ularni loyihalashtirish qiyin emas, deb o‘yladim. 

2. —

3. Hech qachon. Hech qachon Nobel sovrindori bo‘laman, deb o‘ylamaganman.

4. Professor Ervin Shredinger bilan. Sababi — uning biz foydalanadigan tenglamasida. Yarim o‘tkazgichlar fizikasini tushunish uchun u juda muhim. Ana shunaqa. 

5. Yo‘q.

6. Odamlar qachon zilzilalarni oldindan ayta olishadi? Balki sizning mamlakatingizda vaziyat boshqachadir, lekin Yaponiyada zilzila — juda jiddiy muammo. Odamlar keyingi safar qayerda va qachon yer qimirlashini bilishlari kerak.

Edvard Mozer, fiziologiya va tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (Kavli tizimli nevrologiya instituti, Norvegiya)

1. Menimcha, bolaligimdan fanga qiziqqaman. Dinozavrlar, vulqonlar, sayyoralar va Koinot haqida o‘qirdim. Hammasi juda qiziq tuyulardi. Muammo qaysi birini tanlashda edi.

Shuning uchun neyrobiolog bo‘lishimda tasodifning ham o‘rni bor. Yadro fizikasini o‘rganmoqchi edim. Yoki sodda zarralar fizikasini. Biokimyo bilan shug‘ullanishni ham o‘ylagandim, lekin umumiy kimyo kursi menga juda zerikarli tuyuldi. Keyin psixologiyaga qiziqib qoldim, oxir-oqibat neyrofanga qiziqib, shunda to‘xtadim.

2. Bu borada Eynshteynga o‘xshamayman.

3. Ishimiz Nobel mukofotini olishi ehtimoli bor edi, albatta, lekin, birinchi navbatda, bu haqda o‘ylaganim yo‘q. 

4. Immanuil Kant bilan. Kantga bu ishlar haqida gapirib berish menga zavq bag‘ishlagan bo‘lardi. 

5. Miyada, menimcha, hozirgidan boshqacha tuzilishi kerak bo‘lgan hech nima yo‘q. Aksincha, miyaning evolyutsiya jarayonida shunday mukammallikka erishgani meni hayratga soladi. Ammo, albatta, yaxshiroq nazorat qilging keladigan funksiyalar bor. Ayniqsa, tajovuzkorlikni. Tabiiy tanlov jarayonida bu juda foydali edi. Hozir odamlar shu bilan yashashni va undan buzg‘unchi maqsadlarda foydalanmaslikni o‘rganishlari kerak.

6. Meni hammasi nimadan boshlangani qiziqtiradi. Ayniqsa, Koinotning ibtidosi bo‘lganmi yoki u hamisha mavjud bo‘lganmi degan savol qiziqtiradi. Bilmadim, bu dunyodagi eng muhim savolmikin. Yana o‘ylab ko‘raman. 

Erik Betsig, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (Govard Xyuz tibbiyot instituti, AQSh)

1. Men oltmishinchi yillarda o‘sganman, fazoga parvozlar meni hayratga solgan.

Hozir ham sizga barcha amerikalik astronavtlar va ko‘plab rus astronavtlarining nomini sanab berishim mumkin.

Lekin, nima bo‘lganda ham, bu fan-da. Uchinchi sinfda otasi Michigan universiteti professori bo‘lgan bola bilan do‘stlashib qolganman. O‘sha do‘stim meni fanga jalb qildi — shundan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi. 

2. Yo‘q. Fan degan yuqumli kasallikni tashiydigan qo‘ng‘iz meni sakkiz yoshlargacha chaqmagan. Chaqqandan keyin esa o‘qituvchilarim va do‘stlarim meni doim qo‘llab-quvvatlashgan. 

3. Xayollarimda bunchalik uzoq ketmaganman. 1995 yilda, g‘oya ilk bor xayolimda tug‘ilganda, bir necha oy davomida xursand bo‘lib yurganman. 

2005 yilda esa yorug‘likka sezgir oqsillar haqida bilib qoldik, bu ish berishi mumkinligi ma'lum bo‘ldi. 

Ammo o‘shanda ham Nobel mukofoti haqida deyarli o‘ylamaganman. Yosh va g‘ayratga to‘la chog‘imda ko‘plab texnologiyalarga qo‘l urib ko‘rishga ulgurganman... Bu bolali bo‘lishdek gap. Avvaliga axir bu bola prezident bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaysiz. Keyin qamoqqa tushmaganidan ham xursand bo‘lasiz. 

4. Robert Guk. Uning hayoti ko‘p masalada menikiga o‘xshaydi. Shuning uchun bizning ishlarni munosib baholay olardi. 

5. Bu juda oddiy. Tabiatda o‘zgartirish kerak bo‘lgan narsa — bu yorug‘lik tezligi. Odamlarning ertami-kechmi baribir shinam Yerdan ketishlariga to‘g‘ri keladi. Quyosh sistemasi ancha tor. Yorug‘lik tezligini yengishni o‘ylab topgan odam insoniyatga millionlab yillar ko‘lamida omon qolish imkonini beradi. 

6. O‘rganish mumkin bo‘lgan narsalarning chegarasi bormi? Qachondir hamma narsani bilib olamizmi yoki bilmaganlarimiz har doim juda ko‘pligicha qolaveradimi?

Teglar