Nogironning pulini “tuya” qilgan firibgarga jazo tayinlandi

  • 15:08 / 14.01.2020
  • 361

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Respublika nogironlarni reabilitasiya qilish va protezlash milliy markaziga o‘z manfaatini ko‘zlab borgan N.Z. g‘araz niyatiga yetib qaytdi.
Markaz hamshirasiga o‘zini “Tohir” deb tanishtirgan N.Z. O‘zbekistonda ko‘zga ko‘ringan va shakar savdosi bila shug‘ullanuvchi “Bahodir” ismli yirik tadbirkorning yaqin odami ekanligini bildiradi. 
“Tohir” bemor, nogiron va moddiy yordamga muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatib, homiylik qilishini, turmush o‘rtog‘i vafot etganligi sababli ehson qilmoqchiligini aytadi. Bundan ta’sirlangan hamshira “mehribon homiy”ga markazda davolanayotgan 1-guruh nogironi Sh.S.ni ko‘rsatadi. 

N.Z. bemorning ishonchiga kirib, unga davolanishi uchun moddiy yordam bermoqchi ekanligini, buning uchun pasport va plastik kartochkasi kerakligini bildiradi. Bemor “beg‘araz homiy”ga ishonib, pasporti, plastik kartochkasining parolini aytib, berib yuboradi.

“Tohir”, ya’ni fuqaro N.Z. ichida bir mln. so‘m mablag‘I bo‘lgan Sh.S.ning plastik kartochkasini qo‘lga kiritganidan xursand bo‘lib, bankomatdan pullarni yechib oladi. Plastik kartochkani esa o‘sha yerdagi chiqindi idishiga tashlab yuboradi. Bemorning pasportini uyiga olib kelib qo‘yadi.

Sh.S.ning arizasiga ko‘ra mazkur holat o‘rganib chiqilgan va fuqaro N.Z. tegishli tartibda qo‘lga olingan.  
N.Z.ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudi, ochiq sayyor sud majlisida, Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasining 2-terapiya bo‘limida, sudya F.Turaxodjayevning raisligida ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jabrdiydaga pullari to‘liq qaytarilgan.

Xabardor.uz