Nukusda IIB xodimi mastlik sababli suvga cho‘kayotgan erkakni qutqardi

  • 11:28 / 16.06.2020
  • 603

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 12-iyun kuni 63 yoshli erkak tug‘ilgan kunini nishonlab, spirtli ichimlik ta’sirida kanalda cho‘milish vaqtida oqib ketgan va hudud profilaktika inspektori tomonidan qutqarib qolingan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 12-iyun kuni 63 yoshli nukuslik fuqaro S.B. tug‘ilgan kuni bahonasida ikki qo‘shnisi bilan yashash joyiga yaqin joydan oqib o‘tuvchi “Qatti ag‘ar” kanaliga cho‘milish uchun borgan. Spirtli ichimlik ta’sirida cho‘milishga tushgan ulfatlar birozdan so‘ng tug‘ilgan kuni sohibining yo‘qolib qolganini payqagan.

Voqea bo‘yicha dastlab ichki ishlar, so‘ngra favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, prokuraturaga xabar berilib, qidiruv ishlari boshlab yuborilgan.

“Qidiruv ishlarida ishtirok etayotgan hudud profilaktika inspektori, katta leytenant Rafat Xojaniyazov g‘avvoslar fuqaroni suv tubidan izlayotgan bir paytda yon atrofni ko‘zdan kechirishni boshlagan. Voqea joyidan 3 kilometr yo‘l yurgan profilaktika inspektori kanal bo‘yidagi daraxt shoxlariga tirmashib, suvdan chiqishga harakat qilayotgan fuqaroni ko‘rib, uning suvdan chiqishiga yordam bergan. Bu fuqaro cho‘kib ketgani taxmin qilingan S.B. bo‘lib chiqdi”, deyiladi xabarda.