Odam ichiga sayohat: Niderlandiyadagi g‘aroyib Inson tanasi muzeyi

  • 10:14 / 28.02.2020
  • 1277

Faqatgina ertak yoki fantastik filmda ulkan gigantning tanasi ichiga tushib, bezarar chiqish mumkin, deb kim aytdi? Masalan, Niderlandiyada buning imkoni bor.

Gap shundaki, bu yerda dunyodagi yagona – Inson tanasi muzeyi mavjud. U shunchalar reallikka yaqinki, tashrif buyuruvchilar hayratdan yoqa ushlaydi. Ostonadanoq inson tanasiga kirasiz va ulkan organizmning barcha bo‘limlari bo‘ylab harakatlana olasiz.

Niderlandiya poytaxtidan uncha uzoq bo‘lmagan (mashinada 40 daqiqa, avtobusda bir soat atrofida yurish kerak) Leyden shahrida uni payqamaslik ilojsiz. O‘tirgan odam holatidagi yirik qurilmani uzoqdan ham ko‘rish mumkin. Muzeyga gigant haykalning tizzasi orqali kiriladi – unga eskalator yordamida ko‘tarilish lozim. 

Asabi zaiflar uchun emas
Muzey ichida – organizmning turli bo‘limlaridan iborat butun bir shahar bor, asablaringiz mustahkam bo‘lsa – bemalol aylanishingiz mumkin.
Son suyagidan boshlangan yo‘lda leykotsitlar va eritrotsitlarning yaralishini kuzatish va inson tanasi bo‘ylab sayohatni davom ettirish mumkin. Ulkan odam yetti qavatdan iborat.

Har bir organ shu qadar realistik tasvirlanganki, ba’zida g‘alati ahvolga tushasiz. Ammo bu yer yosh shifokorlar yoki shunchaki inson fiziologiyasini o‘rganishga qiziquvchilar uchun ajoyib maskan. Sun’iy dev-odamning “koridorlar”i bo‘ylab harakatlanganda qon aylanishi, hazm qilish trakti faoliyati va yurak urishini ko‘rish mumkin. Eshitish va muskul tizimi, ovoz paychalari, suyaklar, tishlar – bularning hammasini detallarigacha ko‘rib o‘rganish imkoni bor.

Odam muzeyda hatto bachadonda yangi odamning paydo bo‘lishi va homilaning rivojlanishi ko‘rsatiladi – yaratuvchilar loyihasiga ko‘ra u ayol haykaldir.

Aytgancha, sayohat davomida tashrif buyuruvchilar zararli odatlarning inson organizmiga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishiga guvoh bo‘lishi hamda mustahkam ko‘ringan mexanizm aslida nozik ekanini tushunishi mumkin.
Ulkan sun’iy organizm bo‘ylab sayohatning so‘nggi nuqtasi – juda realistik tasvirlangan neyronlardan iborat miyadir. Uning yirik burmalarini g‘alati muzeyning boshqa “eksponatlari” singari ushlab ko‘rish mumkin.

Muzey haqida yana nimalarni bilish kerak
Muzey loyihasini ishlab chiqish uchun 12 yil vaqt sarflangan, qurilishga esa – yana ikki yil. G‘aroyib g‘oyaning amalga oshuviga esa 30 million dollardan ko‘proq mablag‘ ishlatilgan. Bino balandligi – 35 metr atrofida.

Ajabtovur muzeyga chiptani internet orqali buyurtma qilish yoki muzey kassasidan xarid qilish mumkin, ammo tashkilotchilar oldindan sotib olishni maslahat beradi – bu maskanga tashrif buyuishni istovchilar soni juda ko‘p.

Olti yoshdan kichik bolalarni kirgizishmaydi. Bu bejizgamas: bolalarga bunday g‘alati joyda bo‘lish yoqmasligi ehtimoli katta.