Odam ichiga sayohat: Niderlandiyadagi g‘aroyib odam tanasi muzeyi

  • 10:48 / 08.02.2019
  • 4700

Faqat ertaklar va fantastik filmlardagina odam tanasining ichiga tushib qolish va u yerdan shikastlanmasdan chiqib olish mumkin deb kim aytgan? Masalan, Niderlandiyada buning iloji bor.

Bu yerda dunyodagi yagona Odam tanasi muzeyi bor. U shu darajada haqiqiy ko‘rinishga yaqinki, tashrifchilarda beixtiyor qo‘rquv va hayrat hissi paydo bo‘ladi. Ostonadanoq odam tanasi ichiga tushib qolasiz va ulkan organizmning barcha bo‘limlari bo‘ylab harakatlanishingiz mumkin.

Niderlandiya poytaxtiga yaqin joylashgan Leyden shahrida joylashgan muzeyni (unga avtomobilda Amsterdamdan taxminan 40 daqiqada, avtobusda esa 1 soatda yetib olish mumkin) nazardan chetda qoldirishning iloji yo‘q. Uzoqdan zamonaviy, baland binoga o‘rnatilgan, o‘tirgan holatdagi odam tanasini ko‘rish mumkin. Muzeyga kirish esa ulkan haykalning tizzasida joylashgan. Unga maxsus eskalatorda ko‘tariladi.

Asabi noziklar uchun emas

Muzey ichida organizmning turli bo‘limlaridan iborat shahar joylashgan bo‘lib, asabingiz joyida bo‘lsagina ularni birma-bir aylanish tavsiya etiladi.

Yo‘lni son suyagidan boshlab, keyin leykotsit va eritrotsitlar yaratilishini kuzatib, sayohatchilar asta-sekin odam tanasi bo‘ylab yuqoriga, jami yetti qavatga ko‘tarilishadi.

Har bir organ shu qadar haqiqiy ko‘rinishda ishlanganki, o‘zingizni biroz yoqimsiz his etishingiz mumkin. Faoliyatini endigina boshlayotgan tibbiyot xodimlari yoki odam fiziologiyasini o‘rganish ishqibozlari uchun esa ayni qulay joy. Tashrifchi sun'iy ulkan odam «yo‘laklari» bo‘ylab harakatlanayotib, qon aylanish, ovqat hazm qilish tizimining faoliyati, yurak urishini kuzatib, o‘zini mayda qo‘ng‘izcha kabi his etadi. Eshitish va mushak tizimlari, ovoz bog‘lamlari, suyaklar, tishlar – ularni batafsil o‘rganishva «ishlash» holatida tomosha qilish mumkin.

Har bir organning ishi monitorda translatsiya qilinadi va unga haqiqiy ovozlar jo‘r bo‘ladi – agar odam bir necha marta kichiklashtirilib, boshqa odamning ichiga tushganida aynan shu ovozlarni eshitgan bo‘lardi. Ayrim hollarda organlar ishini nafaqat ko‘rish mumkin, ular hid orqali ham namoyish etilgan (masalan, tomoshabinlarga katta burun teshiklaridan qanday hid kelayotgani namoyish etiladi).

Haqiqatga yaqinlik va organlar hamda tizimlarni o‘rganishga to‘liq sho‘ng‘ish jarayoni tashrifchilarga beriladigan maxsus ko‘zoynaklar orqali amalga oshiriladi. Shuning uchun ekskursiya 5D shaklidagi sayohatdir.

Odam muzeyida hatto bachadonda yangi odam hayotining paydo bo‘lishi va homilaning rivojlanishi qanday yuz berishini ham kuzatish mumkin. Axir loyihani amalga oshirganlarning fikriga ko‘ra, tashrifchilar ichida sayohat qiladigan po‘lat odam ayol kishi.

Maktab yoshidagi tashrifchilarga til, ayniqsa, yoqadi. Unda batutda sakragandek sakrash mumkin.

Bir soatlik ekskursiya davomida gid (elektron tarjimondan ham foydalanish mumkin) odamning tuzilishi, u yoki bu vaziyatda nima sodir bo‘lishini oddiy va qiziqarli tarzda hikoya qiladi.

Aytgancha, organizm bo‘ylab sayohat davomida tashrifchilar zararli odatlar organlar va tizimlar ishida qanday namoyon bo‘lishi, bu mustahkam ko‘ringan mexanizm aslida nozikligini tushunishlari mumkin.

Ulkan sun'iy sayohatning avj nuqtasi – real ko‘rsatilgan neyronlarga ega odam miyasi. Uning katta botiqlarini qo‘l bilan ushlab ko‘rish mumkin.

Muzey haqida yana nimalarni bilish kerak?

Muzey loyihasini ishlab chiqishga 12 yil ketgan. Ana shundan keyin qurilish yana salkam ikki yil davom etdi. Ushbu g‘aroyib g‘oyani amalga oshirish uchun deyarli 30 million dollar sarf etilgan. Bino asosan shishadan ishlangan, odam tanasi esa chirimaydigan po‘latdan yasalgan. Binoning balandligi 35 metrga yaqin.

Odam tanasining ushbu g‘aroyibmamlakatiga chiptalarni internet orqali buyurtma berish yoki muzey kassasidan xarid qilish mumkin. Biroq tashkilotchilar ularni oldindan sotib olishni maslahat berishadi. «Odam» nomli qiziqarli olamga tushishni istovchilar ko‘p.

Olti yoshdan kichik bolalar muzeyga qo‘yilmaydi, bu mantiqan to‘g‘ri: bolakayga bunday g‘alati joyda bo‘lish yoqmasa kerak.