Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

  • 14:56 / 09.10.2019
  • 86

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati

2019-yil 9-oktabr kuni Oliy Majlis Senatida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Yig‘ilishda Milliy komissiya a’zolari, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tuzilgan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Jumladan, Milliy komissiya va uning tarkibida tashkil qilingan Odam savdosiga qarshi kurashish hamda Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyalar nizomlari, 2019-2020-yillarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi (yo‘l xaritasi) loyihalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, kichik komissiyalar hamda hududiy komissiyalar ish faoliyati samaradorligini oshirish, ularning hisobotlarini yuritish, xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta’minlash masalalari, bu borada Milliy komissiya tomonidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng jamoatchilikni, xususan, xalqaro hamjamiyatni habardor qilish orqali O‘zbekiston Respublikasining imidjini yaxshilash va boshqa masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Milliy komissiya a’zolari bugungi kunda mamlakatimizda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan fuqarolarimizni chet elda rasmiy  ishga joylashtirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligini,  buning oqibatida chet elga mustaqil ravishda ish qidirib chiqqan hamyurtlarimiz murakkab vaziyatlarga tushib qolayotganligini qayd etishdi. Milliy komissiya bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bu boradagi muammolarni o‘rganish va bartaraf etish uchun ishchi guruh tuzishni maqsadga muvofiq deb topdi.

Shuningdek, hozirgi vaqtda respublikamizda paxta terimi mavsumi boshlangan davrda majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar olib borilayotganiga qaramasdan joylarda bu borada xato va kamchiliklar kuzatilayotgani ham ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Milliy komissiyaning faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga rioya qilish, Milliy komissiyaning rasmiy veb-saytini ishlab chiqish va uning faoliyatini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi vakolatxonalari mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro jamoatchilikni keng xabardor qilayotganligi qayd etildi.

Yig‘ilishda bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati