Oddiy rezinka ishtirokidagi foydali layfxaklar

  • 12:23 / 13.01.2020
  • 1197

Oddiygina rezinka 1845-yilda ingliz ixtirochisi Stiven Perri tomonidan o‘ylab topilgan ekan. Ixtirochi uni hujjat qog‘ozlarini yig‘ish, dori retsepti qayd qilingan qog‘ozlar yo‘qolib qolmasligi uchun o‘ylab topgan edi va avvaliga faqat mana shular uchungina qo‘llanilgan. Biroq bu vositadan juda ko‘pgina maqsadlarda foydalanish mumkin. Quiyda oddiy rezinka ishtirokidagi foydali layfxaklarni e’tiboringizga havola etamiz...

1.  Rezinkadan o‘chirg‘ich sifatida ham foydalanish mumkin

Rezinkani qalam yoki barmoqqa o‘rab qo‘ysangiz, undan yozuvlarni o‘chirishda foydalansangiz bo‘ladi. Bunday usul uyida o‘chirg‘ichi qolib ketgan o‘quvchi farzandingizga asqatadi.

2.  Rezinka suyuq sovunni tejashga yordam beradi

Rezinka yordamida idishdagi suyuq sovunni tejash mumkin. Bu ayniqsa, uyda yosh bolasi ko‘p bolalar uchun juda foydali, chunki ular suyuq sovunni ortiqcha ko‘p ishlatib qo‘yishadi. Ba’zida ular bilan o‘ynashni ham kanda qilishmaydi. Suyuq sovunning bo‘yin qismiga rezinka o‘rab qo‘ysangiz, dozator bosilganida sovunning ortiqchasi sizib chiqmaydi. Bir marta bossangiz, sovun bir marta chiqadi.

3.  Bolaning mayda qo‘l harakatlarini rivojlantiradi
Rezinka kichik yoshdagi bolalarning mayda qo‘l harakatlari – motorikasini shakllantirishga yordam beradi. Kichkintoy uni o‘ynab, qo‘liga turli shakllarda o‘rashi davomida uning eslab qolish, xotira va kuzatish kabi miya qobiliyatlari shakllanadi. 

4.  Kichkina shimni kengaytiradi

Shimingiz sizga tor kelib qoldimi? Uni biroz kengaytirishga yana o‘sha rezinka yordam beradi. Rezinka tugmacha taqiladigan teshikdan o‘tkazilib, tugmachaga ilib qo‘yiladi. Qarabsizki, u belingizga mos keladi. Bu ayyorlik shim beli to‘g‘ri kelmay qolgan homilador ayollarga ham to‘g‘ri keladi.

5.    Kiyimlarni o‘rashga yordam beradi


Sayohatga otlanayotgan bo‘lsangiz, kiyimlarni chemodanga tartib bilan joylashtirishda rezinka yordam beradi. Kolgotka, paypoq, sochiqlarni alohida-alohida taxlab, ustidan rezinka o‘ralsa, chemodandagi joy tejaladi. 

6.  Manikyur uchun

Fransuzcha manikyur uchun ham rezinkani qo‘llash mumkin. Rezinka barmoqqa shunday mahkamlanishi kerakki, uning bir cheti tirnoq uchida bo‘lishi kerak. Tirnoqning ochiq joyiga oq lak tekis qilib surtilsa bas.

7.  Belgilash uchun

Telefon quvvatlagichi, quloqchinlar boshqasiniki bilan almashib ketmasligi uchun unga rezinka o‘rab qo‘ying. Shunda siz shaxsiy buyumingizni birovnikidan aniq ajratib olasiz. 

8.  Idishga qistirilgan qoshiq sirg‘alib tushib ketmaydi


Qozon yoki idish ichiga qo‘yilgan qoshiq, sanchqi sirg‘anib ichiga tushib ketmasligi uchun uning ushlagichiga rezinka o‘rab qo‘ying.