OFK Kubogi: “Nasaf” Hindiston klubi bilan o‘yinga tayyor!

  • 10:11 / 21.09.2021
  • 168

Avval xabar berganimizdek, futbol bo‘yicha OFK Kubogining Markaziy Osiyo mintaqasida g‘olib chiqqan Qarshining “Nasaf” klubi Interzonal yarim finaliga yo‘l olgan edi. Ertaga, Qarshi shahrida ana shu bosqich o‘yini bo‘lib o‘tadi va unda mezbonlar boshqa mintaqa g‘olibi – Hindistonning “Mohun Bagan” klubini qabul qiladilar.

Bugun, Qarshi shahrida ikkala jamoa vakillari ishtirokida o‘yin oldi matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanga dastlab mehmonlar tashrif buyurishdi.

"O‘yin oldidan natija haqida umuman gapirmayman. Ertangi bahsda o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz", - deydi bosh murabbiy Antonio Lopes Xabas.

"Bu yerda bizni iliq kutib olishgani uchun katta rahmat aytaman. Ertangi uchrashuvga yaxshi tayyorlandik deb o‘ylayman. Bo‘lajak bahsga Dubaydagi yig‘in orqali tayyorlandik va ertaga o‘zimizning yaxshi o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz", - deydi futbolchi Amrinder Singx.

- “Nasaf” haqidagi fikringiz qanday?

- Birinchi navbatda eʼtibor qaratish kerak bo‘lgan jihat bu “Nasaf”ning tashkiliy jihatdan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan jamoa. Raqib to‘g‘risida ko‘p ham gapirmagan bo‘lardim. Ertangi bahsda ikkala jamoaning imkoniyati teng. Faqat bir narsani aytishim kerak: Bu bahs bitta o‘yindan iborat va shu narsagina mezbonlarda kichkina ustunlik berishi mumkin.

- Bizdagi ob-havo Hindiston iqlimi bilan qanchalik farq qiladi va bu ertangi bahsga taʼsir qiladimi?

- Iqlim borasida muammo bo‘lmaydi deb o‘ylayman. To‘g‘ri Hindistonda havo issiq. O‘zbekistonda hozir biroz sovuqroq, ammo futbol o‘ynash uchun qulay sharoit. Bu hech qanday muammo bo‘lmaydi.

- Savol futbolchiga: Hindiston Superligasi mart oyida yakuniga yetgan. Futbolchilar sport formasini qanday ushlab turishdi?

Amrinder Singx: - To‘g‘ri aytdingiz milliy chempionatimiz mart oyida yakunlangan. Ko‘plab futbolchilar Hindiston terma jamoasida o‘ynashdi, OFK kubogi bahslarida qatnashdik, undan keyin to‘g‘ri kichik tanaffus ham yuzaga keldi. Ertangi bahsga to‘liq tayyormiz deya olaman.

So‘ngra matbuot anjumaniga “Nasaf” vakillari – bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyev hamda himoyachi Husniddin Aliqulov tashrif buyurishdi.

"Barchaga xayrli kun. Raqiblar jiddiylashib bormoqda, chunki keyingi bosqichdagi har bir raqib kuchli bo‘ladi. Hindiston klubi o‘yinlarini, tarkibdagi futbolchilarni va murabbiylar shtabini ko‘rib jiddiy jamoa ekanini bildik. "Mohun Bagan" Hindistonning eng yetakchi klubi hisoblanadi. Biz raqibni juda yaxshi o‘rgandik va yaxshi tayyorgarlik olib bordik. “Nasaf” 100 foiz o‘yinga tayyor. Faqat ertaga g‘alaba qozonish uchun maydonda ko‘p mehnat va mahorat kerak bo‘ladi. Futbolchilarim ham jismonan, ham aqlan o‘yinga tayyor", - deydi Ro‘ziqul Berdiyev.

"Ertangi raqibimizni yaxshi o‘rganib chiqdik. Xudo xohlasa yaxshi o‘yin ko‘rsatib, jamoamiz muxlislarini va xalqimizni xursand qilishga harakat qilamiz", - deydi Husniddin Aliqulov.

- Ertaga o‘zbek murabbiyi ispan murabbiyi bilan to‘qnash keladi desak ham bo‘ladi. Hindistonda chempionat mart oyida tugagani eratngi o‘yindan oldin “Nasaf”ga ustunlik beradimi?

- Jamoa so‘nggi oylarda kam o‘yin o‘tkazgan va bizda u qadar ko‘p maʼlumot yo‘q. Ammo OFK kubogi guruh bosqichidagi uchta o‘yinni to‘liq ko‘rib chiqdik. Bundan tashqari yetakchi futbolchilarning alohida roliklarini topdik. Bu ham bizga qo‘shimcha maʼlumot. Raqib safida yetakchi legionerlar bor, Hindiston terma jamoasi futbolchilari bor. "Mohun Bagan" biz bilan o‘yinga Dubayda tayyorlandi va u yerda o‘rtoqlik uchrashuvi ham o‘tkazganini bilamiz.

- “Nasaf” ertaga g‘alaba qozonsa keyingi yil OCHL uchun O‘zbekiston klublariga 2+2 kvota berilishi mumkin bo‘ladi. Shuni yigitlar qanchalik his qilishmoqda?

- Albatta bu tomonlari ham bor. Ertangi g‘alabamiz O‘zbekiston uchun katta foyda bo‘lishi mumkin. Bu o‘yinlar orqali yosh futbolchilarimiz tajriba olishadi. Klub moliyaviy tomonlama ham yutishi mumkin. Barchasini yaxshi tushunib turibmiz. Ertaga har qanday holatda ham g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqish uchun o‘ynaymiz.

- Husniddinga savol: Hozir “Nasaf”dagi ichki muhit qanday?

Husniddin Aliqulov: - Jamoada kayfiyat aʼlo darajada. Ertangi bahsga hamma tayyor. Nasib qilasa bir bo‘lib g‘alaba qozonamiz deb o‘ylayman.

- "Ahal" bilan o‘yinda jamoa ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib olganida biroz bo‘shashgandi va hisob tenglashgandi. Bo‘lajak raqib bilan bahsdan oldin mensimaslik holati yo‘qmi?
Husniddin Aliqulov: - Albatta jamoani maydonga hurmat qilib tushamiz.

Ro‘ziqul Berdiyev: - Faqat "Ahal" bilan emas guruh bosqichida ham shunday holat bo‘lgandi, biroq o‘shanda raqiblar gol ura olishmagandi. Jamoani ruhiy holatini me’yorida olib borish kerak.