Oilaning 16 nafar a’zosi nimadan zaharlandi – “Konserva”danmi yoki is gazidan?

  • 14:24 / 02.12.2019
  • 838

Kecha, 1-dekabr kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida istiqomat qiluvchi bir oilaning 16 nafar a’zosi is gazidan zaharlangani haqida Tergov departamenti matbuot xizmatiga tayanib xabar qilgan edik.

Bosh prokuraturaga ko‘ra is gazidan zaharlangan

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi ham rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, “2019-yil 1-dekabr kuni Qibray tumani tez tibbiy yordam xizmatidan Alisherobod MFY, Erta tong ko‘chasi, 16-uyda yashovchi fuqaro Gʻ.Berdiyevning oilasi is gazidan zaharlanganligini haqida xabar kelib tushgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ma’lumotnomasiga ko‘ra, Gʻ.Berdiyevning 7 nafar oila a’zolarida “is gazidan o‘tkir zaharlanishning yengil darajasi” tashxisi va qonlaridan 9-14 foiz darajada is gazi miqdori aniqlanib, ularga toksikologiya bo‘limi tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 

Shuningdek, fuqaro Gʻ.Berdiyevning qolgan 9 nafar oila a’zolarining qonidan 6-8 foiz darajada is gazi miqdori aniqlangan bo‘lsa-da, o‘tkir zaharlanish tashxisi qo‘yilmagan. 

Barcha bemorlarga tegishli tez-tibbiy yordam ko‘rsatilgan va yashash manziliga ambulator davolanish uchun qaytarilgan. Mazkur holat bo‘yicha Qibray tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.”

“Hududgazta’minot”ga ko‘ra esa “konserva”dan…

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Hududgazta’minot” AJ va “Hududgaz Toshkent” MChJning “Qibraytumangaz” filiali xodimlari xabariga tayanib mutaxassislar tomonidan xonadondagi barcha gaz jihozlari va quvurlari nazoratdan o‘tkazilganda, xonadonda gaz sizib chiqishi va is gazidan zaharlanish holatlariga olib keluvchi sabablar mavjud bo‘lmaganligi, faqat xonadonga o‘rnatilgan isitish moslamasining joylashuvi tasdiqlangan texnik rejaga zid ravishda o‘zgartirilgani aniqlangani va gaz ta’minotidan uzilgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek, “Hududgazta’minot” AJ tarqatgan xabarda iddao qilinishicha, voqea aslida bir kun avval mehmondorchilik uchun xonadonga kelgan qarindoshlarning qo‘lbola usulda tayyorlagan “konserva” mahsulotlarini iste’mol qilishi natijasida 7 fuqaro jumladan, ikki ayol va 5 ta bola zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani aniqlangan.


“Hududgazta’minot” AJ OAVni yolg‘on xabar tarqatmaslikka chaqiradi

 “Ommaviy axborot vositalar va internet nashrlardan bunday baxtsiz holatlar, ayniqsa inson hayoti hamda salomatligi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz xabarlarni tarqatishda holatni o‘rganib, rasmiy va aniq ma’lumotlar asosida e’lon qilishlarini, gaz iste’molchilaridan esa xonadon va boshqa binolardagi gaz anjomlarida gaz sizib chiqish holatlari bor yoki yo‘qligiga muntazam e’tiborli bo‘lishlarini hamda ulardan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishlarini so‘raymiz”, deydi «Hududgazta’minot» AJ rasmiy ma’lumoti so‘nggida.