Olamni toza ko‘rinishga keltirishni maqsad qilgan do‘konlar

  • 09:15 / 17.04.2019
  • 2457

Ayrim hollarda Yer sayyorasining tozaligi va xavfsizligi bo‘yicha shaxsiy mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olganlarning hafsalasi pir bo‘ladi. Muayyan oilada plastikdan voz kechish hech nimani hal qilmaydigandek tuyuladi. Shuning uchun ham yengilishga to‘g‘ri keladi. Muhimi, bu kabi fursatlarda aslida bir o‘zingiz emasligingizni anglash. Bundan  tashqari, biznes ham iste'mol va ishlab chiqarishni ratsional tarzda tashkillashtirishga chaqirmoqda.

Biz bu kabi tashabbuslar juda foydali va muhim deb hisoblaymiz. Ulardan ayrimlarini o‘zimizda ham joriy etish lozim.

Mahsulotlar o‘ramlarsiz sotiladigan do‘konlar

Ortiqcha maishiy chiqindilarga qarshi kurashish oson emas, chunki odatda supermarketdan plastik, qog‘oz, plyonka va folgaga o‘ralgan mahsulotlarni xarid qilamiz. Bularning baridan qutulishga to‘g‘ri keladi, biz amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan yagona ish – chiqindini saralash.

Biroq hozirda Amerika va Yevropada biz uchun odatiy mahsulotlar tortib sotiladigan do‘konlar paydo bo‘ldi: makaron, yorma, konfet va pechenelar. Bularning bari o‘ramsiz. Ana shunday do‘konlardan biri - Original Unverpackt. U Berlinda ikki dugona - Milena Glimbovski va Sara Volf tomonidan ochilgan.

Qizlar g‘oyani muvaffaqiyatli kraudfanding kampaniyasi yordamida amalga oshirdilar. Ilk kunlardayoq bu kabi format ko‘pchilik odamlarga qiziq ekani va ular bu kabi loyiha uchun mablag‘ni xayriya qilishga qarshi emasliklari ma'lum bo‘ldi. 40 kun ichida Sara va Milena keragidan ko‘proq pul yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi.

Original Unverpackt Germaniya hududidagi ilk chiqindisiz supermarketga aylandi. To‘g‘ri, tashqi tarafdan u ko‘proq mo‘'jazgina shinam bozorchani yodga soladi: unda yorqin o‘ramdagi cheksiz peshtaxta, muzlatilgan go‘sht va baliqqa liq to‘lgan muzlatgichlar yo‘q. Biroq bu yerda 300 turdan ortiq ekomahsulotlar bor.

Barcha mahsulotlar shisha idishlarga solingan, xaridorlar o‘zlariga keraklicha olishlari mumkin. Do‘konga uydan banka va idishlar olib kelish kerak. Biroq ular haqida unutgan bo‘lsangiz, hechqisi yo‘q. Ko‘p marta foydalaniladigan idishlarni shu yerdan xarid qilishingiz mumkin.

Supermarket assortimentida yorma va makarondan tashqari, ziravorlar, yong‘oqlar, sabzavot va mevalar ham mavjud. Bu yerda uy uchun mo‘ljallangan buyumlar, jumladan ekologik maishiy kimyoviy vositalari ham mavjud.

Original Unverpackt — o‘z yo‘nalishidagi yagona do‘kon emas. Bu kabi do‘konlar Shimoliy Amerika va Yevropada ham mavjud. Ular Sharqiy Yevropada ham mashhurlikka erishmoqda.

Muddati o‘tgan mahsulotlarni elektr energiyasiga aylantiradigan do‘konlar

Buyuk Britaniyaning Uest-Midlends shahrida Sainsbury’s tarmog‘i mashhur. Unga ishonishadi, chunki bu yerda muddati o‘tib borayotgan mahsulotlarni sotishning to‘rt usulini topishgan.

Birinchi usul – muddati o‘tib borayotgan mahsulot narxining tushirilishi. Ikkinchi usul – mahsulotlarni xayriya tashkilotlariga berish. Uchinchi usul – ulardan hayvonlar uchun ozuqa ishlab chiqish. Va to‘rtinchi usul – ulardan elektr energiyasi olish.

Chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan Biffa kompaniyasi muhandislari oziq-ovqat mahsulotlaridan elektr quvvati olishning yangi texnologiyasini ishlab chiqishdi. Sanoat maydonchasida maxsus rezervuarlar joylashgan bo‘lib, u yerda muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari biogaz holatida qayta ishlanadi. Keyin esa u elektrogeneratorga uzatiladi.

Ushbu texnologiya sabab Sainsbury’s savdo tarmog‘i 2500 ta uyni va shaxsiy supermarketini elektr quvvati bilan to‘liq ta'minlaydi.

Mahsulotlarni bepul olish mumkin bo‘lgan do‘kon

Stepan Vashkevich ismli belorussiyalik oddiygina yigit Chexiyaning Olomouts shahriga o‘qish maqsadida ko‘chib o‘tadi. Bir kuni yotoqxona yonidagi chiqindi konteynerlari yonida keyinchalik yana foydalanish mumkin bo‘lgan yaxshi buyumlarni ko‘rib qoladi. Shunday qilib yosh yigitda bor-yo‘g‘i «rahmat» evaziga buyumlar xarid qilish mumkin bo‘lgan do‘kon ochish g‘oyasi paydo bo‘ladi.

Olomouts shahri universitetida yoshlar almashinuv asosida ham o‘qish uchun kelishadi. Talabalar yotoqxona hududida bir muddat yashaydilar, biroq ketayotganda o‘zlari bilan olib ketishni istamaydigan ko‘plab buyumlarni xarid qilishga ulguradilar. Va oxir-oqibat barcha keraksiz narsalar chiqindixonaga kelib tushadi. Biroq ulardan ko‘pchiligining holati yaxshi va keyinchalik ham foydalanish mumkin.

Stepan Vashkevich va uning bir necha hamfikr do‘stlari talabalar yotoqxonasi boshqarmasiga murojaat qilishdi. Natijada yigitlarga sobiq ustaxona ajratib berildi. Unda yigitlar ta'mirlash ishlarini olib borishdi, tez orada u yerda bepul do‘kon (fri-shop) paydo bo‘ldi.

Yigitlar tomonidan ochilgan do‘kon sutkasiga bir necha soat, haftasiga 3-4 kun ishlaydi. Bu yerga yana foydalanish mumkin bo‘lgan, biroq egasiga kerak bo‘lmagan narsalarni keltirish mumkin.

Do‘konga olib kelingan buyumlar darhol saralanadi. O‘z vazifasini bajara olmaydiganlari egasiga qaytariladi. Undan boshqa birov foydalana olmaydi. Uning o‘rni chiqindixonada.

Ba'zida fri-shop kun bo‘yi ishlaydi. Buyumlar nafaqat sobiq ustaxona zalida, balki ko‘chaga ham olib chiqiladi. Bu yerga yaxshi musiqani tinglash va muloqot qilish uchun ham tashrif buyurishadi. Ba'zida yigitlar seminarlar o‘tkazib, ishtirokchilarni ekodo‘stona turmush tarziga rioya qilishga, sovg‘alarni chiroyli va ekologik o‘rash, soda hamda sovundan kir yuvish kukunini tayyorlashni o‘rgatishadi.

Talabalar do‘konidan nima «sotib olish» mumkin? Kiyim-kechak, kitob, maishiy buyumlar, kosmetika va aynimaydigan mahsulotlar. Tikuv mashinasi va asboblar to‘plamini muayyan muddatga olish, keyin esa qaytarib berish mumkin.

Nima ham derdik, bu kabi tashabbuslar iste'molga mas'uliyat bilan yondashishni shakllantirishda yordam beradi deb hisoblaymiz. Siz nima deb o‘ylaysiz, bizda bu kabi loyihalar istiqbolli bo‘ladimi?


Teglar