Olimlar tomonidan mobil qurilmalar simsiz quvvat oladigan xona namoyish qilindi

  • 08:59 / 02.09.2021
  • 257

Tokio va Michigan universiteti tadqiqotchilari qurilmalarni simsiz quvvatlantirish imkoniyatini taqdim etuvchi hudud yaratish texnologiyasini namoyish qildilar. Uning samaradorligi xona koʻrinishida ommaga koʻrsatib berilgan.

Taqdim etilgan xona oʻlchami 3×3×2 metr boʻlib, u magnit maydon texnologiyasi yordamida istalgan nuqtaga 50 Vattgacha boʻlgan chiqish quvvatini yetkazib bera oladi. Bu esa smartfon, noutbuk kabi qurilmalarni simsiz quvvatlantirish, ventilyator, lampa kabi qurilmalarni esa elektr taʼminotiga ulamay turib ham ishlatish imkoniyatini taqdim etadi.

Energiyani uzatish uchun maxsus kondensatorlardan foydalanilgan va ular devorlarga oʻrnatib chiqilgan. Kondensatorlar hosil qilgan magnit maydon butun xona hududini qamrab olgan.

Xonadagi koʻrsatkichlar insonga elektromagnit maydon taʼsiri boʻyicha AQSh Federal komissiyasi tavsiya qilgan koʻrsatkichlardan oshmaydi. Bu esa xonaning inson uchun xavfsiz ekanligini anglatadi.