Olimpiadani keyingi yilga qoldirish eng munosib yo‘l bo‘ladi – Donald Tramp

  • 16:00 / 13.03.2020
  • 156

Bugun, 13-mart kuni Donald Tramp va Sindzo Abe telefon orqali Yaponiyada koronavirus tarqalishining oldini olish to‘g‘risida suhbatlashdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.

Tramp payshanba kuni o‘zining Twitter’dagi sahifasida: “Menimcha, Olimpiadani keyingi yilga qoldirish eng munosib yo‘l bo‘ladi”, deb xabar qoldirgandi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe va AQSh Prezidenti Donald Tramp telefon orqali suhbat davomida koronavirus bilan kurashda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan, ammo Olimpiada o‘yinlarini keyinga qoldirish yoki ularni tomoshabinlarsiz o‘tkazish haqda biror gap bo‘lmagan.

“Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi 2020-yilgi o‘yinlarni bekor qilish yoki keyinga surish haqida o‘ylayotgani yo‘q. Barcha tayyorgarliklar amalga oshirilyapti”, deya izoh bergan Yaponiya Olimpiya Qo‘mitasi rahbari Seiko Xashimoto Trampning tvitiga javoban.