Oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik: Ozarbayjonning investitsiyaviy imkoniyatlari oʻrganib chiqildi

  • 10:58 / 09.10.2019
  • 90

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14-15-oktabr kunlari Ozarbayjon Respublikasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VII sammitida ishtirok etadi.

Joriy yilning 8-oktabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida kengash majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisda joriy yilning 14-15-oktabr kunlari Ozarbayjon Respublikasida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VII sammitida ishtirok etish boʻyicha oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik masalasi muhokama etildi.

Unda vazirliklar, tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida investitsiyalar sohasiga masʼul boʻlgan rahbarlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sh.Fayziyev ishtirok etdi.

Qamrovi va ahamiyati bilan Kengashga aʼzo davlatlar oʻrtasida keng koʻlamli aloqalarni mustahkamlovchi mazkur tadbir oʻz navbatida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va yangi qoʻshma tashabbuslarni ishga tushirish uchun ajoyib platforma hamdir.

Bu borada majlis ishtirokchilari tomonidan Oʻzbekiston va Ozarbayjonning investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorligini kengaytirish imkoniyatlari oʻrganib chiqildi. Batafsil tahlil jarayonida ozarbayjonlik sheriklar bilan yangi istiqbolli yoʻnalishlarni qamrab olgan holda oʻzaro hamkorlik maydonini kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi aniqlandi va amalga oshiriladigan qator loyihalar ishlab chiqildi. Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini toʻldirishi va Ozarbayjonlik salohiyatli sheriklarning katta qiziqishi investitsiya va savdo-iqtisodiy sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.

Jarayonni faollashtirish uchun vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlarining investorlar va shartnoma sheriklari bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlash va hamkorlikning yangi imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida Ozarbayjonga tashrifini tashkil etish boʻyicha taklif ilgari surildi va qoʻllab-quvvatlandi.