Oliy Majlisda YeOII bilan hamkorlik masalasi muhokama qilindi 

  • 13:33 / 26.03.2020
  • 64

Bugun, 26-mart kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik bilan bog‘liq masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi

Kengash yig‘ilishida mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, ushbu maqsadlarga erishish uchun xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va jahon bozoriga integratsiyalashuv jarayonini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Quyi palatadagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Unga Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov rahbar etib tasdiqlandi.

YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta’sirini chuqur tahlil qilish, qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligini o‘rganish, hamkorlikning har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ta’siri bo‘yicha ijobiy va salbiy ta’sir yo‘nalishlarini aniq yoritib berish, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik istiqbollari bilan o‘zaro bog‘liqligini quyi palatada har tomonlama ko‘rib chiqishni tashkil etish Ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilandi.

Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasini o‘rganish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar Rejasi ham tasdiqlandi. Unda, jumladan, ushbu masalani siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar yig‘ilishlarida muhokama qilish, shuningdek, yetakchi ekspertlar ishtirokida turkum davra suhbatlari, seminarlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Tadbirlar doirasida fuqarolar va biznes-hamjamiyat o‘rtasida sosiologik so‘rovlar o‘tkaziladi. Bir nechta vazirlar, shu jumladan, Tashqi ishlar hamda Investisiya va tashqi savdo vazirlarining tegishli axborotlarini Qonunchilik palatasida eshitish ko‘zda tutilgan.