Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini soddalashtirish taklif etildi

  • 15:36 / 02.04.2020
  • 436

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Qaror loyihasida 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bitiruvchilari yakuniy davlat attestatsiyasi hamda respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish sinovlarini birlashtirib, majburiy fanlar va bitiruvchi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan bo‘yicha yagona test sinovlarini aprel–may oylarida o‘tkazish taklif etilmoqda.

Bunda maktab bitiruvchilari majburiy uchta fan va o‘zi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan test sinovlarini topshiradi. Natijalar test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Test sinovlarida ishtirok etmagan yoki unda qoniqarsiz baholanganlarga belgilangan tartibda barcha abituriyentlar qatori iyul–avgust oylarida test sinovlarida qatnashish huquqi beriladi.

Xalq ta’limi vazirligi esa test sinovi fanlari bo‘yicha natijani umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestatga qo‘yish va yagona ma’lumotlar bazasiga kiritish uchun minimal ko‘rsatkichni belgilaydi, maktab bitiruvchilari haqidagi tegishli ma’lumotlarni har yili 1-fevralga qadar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritilishini ta’minlaydi hamda test sinovlarini belgilangan talablar asosida tashkil etilishida mas’ul hisoblanadi.