Onalik va karyerani qanday uyg‘unlashtirish mumkin? Psixologdan 3 tavsiya

  • 13:57 / 29.09.2019
  • 522

Ayol farzandli bo‘lgach, vaqt o‘tib bolasi ulg‘aygani sari o‘ylanib qoladi: ishni ham, bola parvarishini ham eplasa bo‘ladimi? Ba’zilar ayol faqat oila va bola bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo shunday ayollar borki, ular o‘zlarini baxtli his qilishlari uchun ham oila, ham ishda o‘zini namoyon qilishlariga ehtiyoj sezadilar. 

Bundan tashqari, jamiyat rivojida ayollarning mehnat faoliyati orqali kiritadigan hissasi kerak. Shuning uchun, keling, ayolga karyera muhimmi yo bola parvarishimi? deb savol bermaymiz. Ikkalasini uyg‘unlashtirish yo‘llarini qidiramiz. Oila va ish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash uchun psixolog Mixail Labkovskiy o‘z Instagram sahifasida quyidagi tavsiyalarni bergan:

Birinchi qoida:
“Ishda bo‘lganingizda – faqat tanangiz emas, xayolingiz ham ishda bo‘lsin. Uyga kelganingizda esa farzandingiz bilan mashg‘ul bo‘ling, xayolingiz hisobotlarda bo‘lmasin. Bolaga u bilan o‘tkazgan vaqtingiz miqdori emas, sifati muhim. Ayol ofisda o‘tirib, bolasini bog‘chada kimdir turtgan-turtmagani haqida xavotir olsa, ishda muvaffaqiyatli bo‘lmasligi aniq”, – deydi Labkovskiy. 

Похожее изображение

Ikkinchi qoida:
“Hamma narsada mukammal bo‘lish fikrini miyangizdan chiqarib tashlang. Bor kuchingiz, ijodiy quvvatingiz va vaqtingizni faqat bitta narsaga bag‘ishlashga majbur ham emassiz.
 
Bu holatda eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xato – ishga joningizni berib, kunbo‘yi ofisda o‘tirganingiz uchun o‘zingizni aybdor his qilasiz va bola bilan yiqilib qolguncha o‘ynaysiz. Yoki ishlaringizni shosha-pisha oxiriga yetkazasiz. Axir, siz o‘zingizni avvalambor ona deb hisoblaysiz, onalikka bor kuchingizni berasiz, shaxsiy rivojlanish esa kutib turadi”.

Ham ishni, ham bola parvarishini me’yorida olib borsangiz bo‘ladi. Bunga ishonish va xotirjam bo‘lishingiz kerak, xolos. 

Uchinchi qoida:
Hayotingizni ertangi kunga qoldirishni bas qiling. “Bolam katta bo‘lgach”, “ta’til boshlangach” va hokazo xayollarni to‘xtating. Ayni vaqt bilan yashang. 

“Hammasidan charchagan bo‘lsangiz, enaga yollang va dugonalaringiz bilan sayrga otlaning. Faqatgina bir sohada qotib qolmaslik uchun yordamchilarni zaxira qilib oling. Aytgancha, shaxsiy fikrimga ko‘ra, har qanday normal ota o‘z burchlarini eplay oladi”, – deydi psixolog.
 
Asablaringiz taranglashib, ish va bola tarbiyasi o‘rtasida halloslab qolmasligingiz uchun kimdandir yordam olish fikri yomon emas. Turmush o‘rtog‘ingiz bu borada ko‘maklashsa ham bo‘ladi. Bu bola va ota o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, shuningdek, eringiz o‘z qarshisida charchagan va asabiy ayolni emas, har doim kuchga to‘la va minnatdor ayolni ko‘rishni xohlaydi.

Sarvinoz OMONOVA tayyorladi