Onlayn NKM yoki virtual kassadan foydalanish tizimi tadbirkorlarimizga nima beradi?

  • 10:18 / 11.09.2019
  • 158

2019-yil 6-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar bo‘yicha bir qancha o‘zgarishlar, yangiliklar yuz bermoqda. Bu haqida Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy sayti batafsil ma’lumot berdi.

Farmonda onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llagan tadbirkorlik sub'ektlariga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni qo‘llash shartlari, onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari bo‘yicha yutuqlarli o‘yinlar tashkil etish yo‘li bilan tushumlar ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish va ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar tasdiqlandi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida aholi bilan amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan ma'lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etish belgilandi.

Onlayn nazorat-kassa mashinasi fiskal modulga bog‘lanish imkoniyatiga ega, fiskal hujjatlarni Davlat soliq qo‘mitasiga onlayn rejimida uzatishni ta'minlovchi va qog‘ozga chop etuvchi elektron hisoblash mashinalari, boshqa qurilmalar va ularning jami majmuasidir. Virtual kassa ham fiskal hujjatlarni onlayn rejimida uzatuvchi va qog‘ozga chop etish imkonini beruvchi dasturiy mahsulotdir.

Shuningdek, Farmonga asosan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi onlayn rejimida qabul qilingan fiskal ma'lumotlarni mustaqil va doimiy ravishda qabul qilish, qayta ishlash, kriptografik himoya qilish va saqlash ishlarini bajaruvchi fiskal ma'lumotlar operatori etib belgilandi.

Onlayn NKM yoki virtual kassadan foydalanish qanday tartibda joriy etiladi va bu tizim tadbirkorlarimizga nima beradi?

Shu o‘rinda onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanish qanday tartibda joriy etilmoqda va bu tizim tadbirkorlarimizga nima beradi degan haqli savol yuzaga keladi.

Birinchidan, onlayn tizimga o‘tgan tadbirkorlarga nisbatan bugungi kungacha majburiy qo‘llanilib kelingan amaldagi fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, shuningdek, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni yakunida nazorat-kassa mashinasining kunlik hisobotini chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinmoqda.

Ikkinchidan, bunday tadbirkorlarga kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat'i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassasiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqi beriladi.

Uchinchidan, tadbirkorlik sub'ektlarini ortiqcha xarajatlardan himoya qilish maqsadida 2021-yil 1-yanvargacha har bir kassa uchun onlayn nazorat-kassa mashinalarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlari ularning keyingi soliq to‘lovi hisobidan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 barvaridan oshmagan miqdorda kamaytiriladi.

To‘rtinchidan, virtual kassa dasturiy mahsulotining bazaviy qismi tadbirkorlik sub'ektlariga Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bepul beriladi.

Shuningdek, jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida o‘tkazilgan bonuslar shaklidagi mablag‘lar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasi sifatida qaralmaydi. 

Ma'lumot sifatida qayd etish joizki, xorijiy davlatlarda plastik kartalardan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida bonus (cashback) berish amaliyoti keng tarqalgan.