Onlayn-tv orqali topilgan 1,9 milliard dollar

  • 14:48 / 18.01.2015
  • 3995

41 yoshli Tszya Yuetin o‘zining onlayn-televideniyega ixtisoslashgan “Leshi Internet Information and Technology” kompaniyasi sababli milliarderga aylandi. U “supertelevideniye” bilan cheklanib qolmoqchi emas. “Leshi” ayni paytda “superelektromobil” ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tszya Yuetin Xitoyning Shansi muzofotida tug‘ilgan. Universitetni bitirgach, bir yil soliq mahkamasida, keyin esa ko‘mir qazish kompaniyasida ishlagan. O‘z biznesini boshlashga ahd qilgan Tszya Yuetin davlat korxonalariga telekommunikatsiya uskunalarini sotish bilan shug‘ullanuvchi “Sinotel Technologies” kompaniyasini tashkil etdi.

2003 yili yosh tadbirkor “Week in China” elektron jurnali jurnalisti Lyu Xun bilan tanishdi. Ular birgalikda internet orqali teleko‘rsatuvlar namoyish etuvchi “LeTV” kompaniyasiga asos solishdi. 2010 yilga kelib, kompaniya o‘z televideniyesi va kinostudiyasiga ham ega bo‘ldi. 

2013 yili kompaniya Tayvanning “Foxconn” kompaniyasi bilan birgalikda smart-tv yo‘nalishini tashkil qildi. Tszya Yuetin “Foxconn” rahbari Terri Guo bilan 2012 yilda bir tadbirda tanishgandi. Tszya u bilan uchrashmoqchi ekanligini aytganida, Guo unga bor-yo‘g‘i besh daqiqa vaqt ajratishi mumkinligini aytadi. Yuetin bu imkoniyatdan unumli foydalandi va Terriga interfaol televideniyening afzalliklari haqida aytib berdi. “Foxconn” rahbari bunga qiziqib qoldi va bir hafta davomida Tszya bilan strategik hamkorlik borasida muzokara o‘tkazdi. 2013 yil martida “Foxconn” “LeTV” bilan hamkorlikda “Super TV” ishlab chiqarishini e'lon qildi va kompaniyaning 20 foiz aksiyasini sotib oldi. O‘z operatsion tizimiga ega bo‘lgan “X60 i” deb nomlanuvchi “supertelevizor” o‘sha yilning yozida sotuvga chiqdi.

Boyligi 1,9 milliard dollar bo‘lgan Tszya Yuetin yaqinda elektromobil ishlab chiqarish niyatida ekanligini bildirdi. Uning aytishicha, kompaniyasi ishlab chiqaradigan elektromobil “Tesla” elektromobillaridan ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi.