O‘qishni osonlashtirishning 3 yo‘li  

  • 14:50 / 14.02.2020
  • 941

Maktab va universitetda har kun biror yangi narsa o‘rgatiladi. Biroq uni o‘zlashtirish hamma vaqt ham oson kechavermaydi: yangi bilimning bir qismi esda qoladi, bir qismi unutiladi. Shuning uchun ham o‘quvchi va talabalar imtihon oldidan kuchli hayajonni his qilishadi. Shunday ekan, tez va samarali o‘zlashtirish uchun nima qilish kerak? Konspektni qanday yozgan va yangi materialni necha marta takrorlagan ma’qul?

O‘qib, o‘rganish sifat o‘zgarishlariga olib keladi – yangi ko‘nikmalar paydo bo‘ladi. Biroq natija sarflangan quvvat miqdoriga to‘g‘ri kelmaydi. O‘qish konveyerda ishlab chiqarish emas. Har qancha o‘qisam ham natija ko‘rinmayapti-ku, deb tashvishlanganingizda bu haqda eslab qo‘ying.  Darvoqe, jarayonni tezlashtirish mumkin. Bu masalada zamonaviy nazariy ishlanmalar va shaxsiy o‘sish bo‘yicha trenerlarning amaliy maslahatlari  yordamga keladi. Tavsiya qilayotgan layfxaklarimiz tajribalarga asoslanganligini ta’kidlab o‘tish zarur.  

1. Axborotni qabul qilish
O‘qishga tayyorgarlik ko‘rish lozim. Dastlab o‘rganilayotgan mavzu yuzasidan nimalarni bilishingizni eslang. Yaxshisi, buni ovoz chiqarib takrorlang yoki o‘z-o‘zingizga gapirib bering. Bu muhim bosqich. Siz bilganlaringizni (“nol”dan boshlash shart emas) takrorlaysiz va yangi bilimlarga asos hozirlaysiz. Undan keyin axborotga (go‘yoki uni sizgacha hech kim ko‘rmaganday) tadqiqot nuqtai-nazaridan qarang: “Buning nimasi qiziq ekan?”.

Unga turli yo‘llar bilan yondashing, barcha formatlarda sinab ko‘ring. Bu ma’ruzalar yozuvi, kitoblar, musiqa, film, tasvirlar bo‘lishi mumkin. Internet tarmoqlarida bu borada juda ko‘p va har xil materiallar bor. Ulardan foydalaning.
  
Audioyozuv ilovasi ham katta yordam beradi. Yozib olingan murakkab ma’ruzani keyinroq qayta eshitib, tushunib olish mumkin. Bir tanishim o‘zining ajoyib tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U ilovaga konspektidagi mavzularni, imtihon savollarini yozib olib, kun davomida eshitib yurar va yaxshi natijalarga erishar ekan. To‘g‘ri, ilovaga ovozni yozib olish uchun ancha vaqt ketadi. Eshitishga va jonli nutqni qabul qilishga o‘rganish o‘z vaqti bilan shaxsiy nutqni tahlil va tahrir qilishni shakllantiradi. Intellektual o‘yinlarni xush ko‘ruvchilar audioyozuvlarni tezlashtirilgan holatda eshitish orqali miyaning ish faoliyatini oshirishlari ham mumkin.

2. Axborotlar tahlili
Uning maqsadi – murakkablikni oddiylashtirish va tushunarli holatga olib kelish. Tamoyili esa – o‘z so‘zlaring bilan tasvirlash va dunyoqarashni yangi bilimlar bilan boyitish. Qanoatlantirmaydigan an’ana – konspektlar... Konspektlar ma’ruzadan yozib olingan oddiy so‘zlardan iborat bo‘lishi lozim, deb kim aytgan? 
   
Kornell uslubi bo‘yicha konspektlar mana bunday ko‘rinishda bo‘ladi:
 
Konspektlashtirishning yana bir usuli – har bir gapni raqamlash. Afzalliklaridan biri – oldingi yozuvlarga yo‘naltirish juda oddiy amalga oshiriladi.
  
Ijodiy konspektrlar uchun intellekt-xarita mos keladi. Uning ish uslubi Qadimgi Rim davridayoq ma’lum edi. Rimliklar uni daraxtning katta va kichik shoxlariga nisbat berib tizimlashgan. Kompyuter dasturlarida intellekt – xaritadan foydalangan afzal. Unga istagancha o‘zgartirish kiritish mumkin. Yozuvlarga shartli belgilarni kiritish imkoni bor. Misol uchun, kitobdan ko‘chirib olish yoki manbani ko‘rsatish kerak bo‘lsa – kvadrat qo‘yish, g‘oya paydo bo‘lsa – so‘roq belgisi ostiga yozish kabi. 
 
Maktab davridagi jadvallarni ham eslash o‘rinli bo‘ladi. Bu o‘z o‘rnida axborotlarni saralashning, ajratishning va har taraflama fikrlab ko‘rishning eng ma’qul usuli. Ayniqsa, axborot hajmi katta bo‘lsa. Bir necha matnni taqqoslash uchun jadvalning vertikaliga matn, gorizontaliga esa savollar joylashtiriladi.  Matnshunos olimlar ana shunaqa qilishgan. Bunday jadvallarni hozir ekselda osongina tayyorlab olish mumkin.

Elektron kitobni o‘qish jarayonida qiziqarli, muammoli parchalarni turli ranglar bilan ajratib qo‘yish, fikr va mulohazalar bildirish mumkin.

3. O‘zlashtirish
Bu o‘rinda bilimlaringiz orasidan “oq dog‘”larni topish va ularni to‘ldirish muhim. Yaxshi eslab qolish uchun akslantirish, uyushma, besh takrorlash va tushuntirish usullari yordam beradi. Hammasi haqida tartib bilan.

1. Akslantirish 
Agar axborot zarur va yorqin bo‘lsa, miya uni bir pasda eslab qoladi. Akslantirilsa ham miyada tez o‘rnashadi. Masalan, IV-III ming yillikda Xorazm hududida neolit davriga oid Kaltaminor madaniyati shakllanganligini eslab qolish muhim. Buning uchun miyada Xivadagi Kalta minorni, agar yaxshi o‘qimasa 4 yoki 3 olishi mumkinligini, neolit davrini akslantirish lozim. Tasavvur qanchalik bema’ni bo‘lsa, shuncha tez eslab qolinadi.
  
Sonlarni eslab qolishning o‘z texnikasi bor. 0 dan 9 gacha bo‘lgan tartib raqamlarining har biri uchun alohida personaj yoki predmet moslanadi. Masalan, biror voqea 1223-yilda sodir bo‘lgan deylik. 1-ustun, 2-oqqush, 3-qanot singari. Bir qarashda bu juda murakkabga o‘xshaydi. Aslida, esa o‘ta oddiy.   

2. Uyushma usuli
Bu usul – bilganlaringizni yangisi bilan bog‘lashga asoslanadi. Eng oddiysi 10x5 santimetrli qog‘oz bo‘lakchalarini olib, bir tarafiga savollarni, ikkinchi tarafiga javoblarni yozib qo‘yish. Esda qolmaguncha tushungan holda ovoz chiqarib takrorlash lozim. Esdan chiqsa, javobidan kelib chiqib, mulohaza orqali tiklash lozim.   

3. Besh takrorlash usuli
Eslab qolish jarayonining yana bir xususiyati – vaqt o‘tishi bilan obrazlar yo‘qolib boradi. Bu jarayon aniq prinsip asosida sodir bo‘ladi: uyquga yotishdan oldin hammasi esingizda edi, uyg‘onganingizda ko‘p qismini esdan chiqarib qo‘yibsiz. Esingizda qolgan qismi yarim yilgacha saqlanib turadi. Besh takrorlash usulida esa hammasi esingizda qoladi:   
Bir necha soatdan keyin takrorlash;
Ertasiga takrorlash;
Bir haftadan keyin takrorlash;
Bir oydan keyin takrorlash;
Yarim yildan keyin takrorlash.
O‘rganish jarayonida qiziqish avvalgisiga qaraganda asta-sekinlik bilan pasayib boradi. Oxirgi darsdagi holatingiz keyingi darsga ko‘chadi. Shuning uchun, zerikish boshlanayotganini sezganingiz hamono to‘xtang. Jonga tekkuncha shug‘ullanish shart emas.

Berilgan vazifani o‘zlashtirdingiz – endi bu muammoni unutish lozimmi? Yo‘q, aslo. “A’lo”chi va “qoniqarli” baho oluvchi talabalar o‘rtasidagi farq shundaki: “A’lochi”lar ma’ruza mavzusini mulohaza qilishadi, eshitganlarini muhokama etishadi. “qoniqarli”chilar esa tezgina boshqa mavzuga o‘tib, bunisini “yopishadi”. Ehtimol, gap o‘rganish jarayoniga pozitiv yondashuvdadir. Yondashuv: “Bu qiynoq tugadi-ya”, degan fikrdan ko‘ra “Endi mening yangi bilimlarim bor, undan juda unumli foydalanishim mumkin”, degan fikr yaxshiroq.   

4. Materialni tushuntirish
Mavzuni kimgadir tushuntirish – masalaning mohiyatini o‘zing yaxshilab tushunib olishning eng zo‘r yo‘li. Ayniqsa, bolaga tushuntirgan afzalroq. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ham muammoni bo‘lishish mumkin. O‘z tafsilotiga ega biror voqeani turli bo‘rttirishlar, tasvirlar bilan gapirib berilsa bormi, ancha odamni birlashtirish mumkin. Darvoqe, gapirish... Gapirish chop etishdan osonroq.
 
Odamlar qanchalik ko‘p bo‘lsa, yondashuv ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. O‘rganishning o‘zingizga xos bo‘lgan usulini yarating. Asosiysi, o‘rganishdan chekinmang. Imtihonlarni topshirish uchun emas, uzoq istiqbolni ko‘zlab o‘rganing, eslab qoling. Bu miyangizni yangi bilimlar bilan boyitishga asos bo‘ladi. Mustaqil ravida o‘qib-o‘rganish iste’dodni rivojlantiradi. Tajribangizni oshirishga intiling va hamma niyatingizga yetasiz.