O‘quvchiga uyda yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga ustama to‘lanishi belgilanmoqda

  • 12:12 / 29.04.2020
  • 342

Kelgusi yildan boshlab nogironligi bo‘lgan o‘quvchiga uyda yakka tartibda ta’lim berayotgan o‘qituvchilarning lavozim maoshiga 100 foizi miqdorida ustama to‘lanishi aytilmoqda.

Bu borada Prezidentning “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Shuningdek, Hujjat loyihasida belgilanishicha, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

bolalar musiqa va san’at maktablarida ta’lim olayotgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalar o‘qishi uchun to‘lanadigan to‘lovlardan ozod etiladi;

ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining tibbiyot xodimlari va tarbiyachi yordamchisiga hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari rahbar va pedagog xodimlarining mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75 foizi miqdorida to‘lanadi;

hududlardagi sinov tariqasida rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan hamda davolanishga va sog‘lomlashtirishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun tayanch korreksion sinflar ochilgan umumta’lim maktablariga bir nafar defektolog shtat birligi ajratiladi;

ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida oliy ma’lumotli mutaxassis pedagoglar (o‘qituvchi va tarbiyachilar) faoliyat yuritishlari ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat loyihasi joriy yilning 13-mayiga qadar muhokamada bo‘ladi.