Organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha konsepsiya tasdiqlandi

  • 09:42 / 19.05.2020
  • 68

“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida organik qishloq xo‘jaligi va organik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish konsepsiyasi va konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti (Global G.A.P.) doirasidagi barcha manfaatdor tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Farmonga muvofiq, organik qishloq xo‘jaligiga o‘tkazilgan yer uchastkalarida ekinlarni joylashtirish organik standart talablarini hisobga olgan holda ilmiy asoslangan almashlab ekish sxemalariga muvofiq amalga oshiriladi va ekinlarni joylashtirishda davlat aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

2020-yil 1-oktabrga qadar organik qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish tizimlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Toshkent davlat agrar universitetida “Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlash” yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash uchun o‘quv-uslubiy materiallar ishlab chiqiladi va 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab ushbu yo‘nalishda talabalar qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.