Orzular nega amalga oshmaydi?

  • 14:26 / 30.07.2021
  • 250

Hammamiz ham nimadir haqida orzu qilamiz, ammo eng katta orzularimizni ushalmas orzular sirasiga kiritamiz. Aslida esa ularning koʻpchiligini realizatsiya qilish mumkin. Maqsadlarimizga erishishda nima xalal beradi va bu bilan qanday kurashish kerakligi haqida ushbu maqolamizda hikoya qilamiz.

Orzungiz – sizga tegishli emas

Koʻpchiligimiz ongsiz holatda hayot kechiramiz. Goʻyo bolaligimizdagi turtkidan taʼsirlangan holda. Ulgʻayganimizda ham, besh yoshimizgacha ishlatgan himoyaviy xulq-atvor koʻrinishlarimiz, hissiyotlar va reaksiyalarimizni ishlatishda davom etamiz. Hatto orzularimiz ham bolalikdan biz bilan birga kelayotgan boʻladi. Oila aʼzolarimizdan nusxalaymiz yoki biz uchun muhim odamlardan oʻzlashtiramiz. Oʻzimiz ulgʻayganimizda esa, ularning bizning asliyatimizga mos yoki mos emasligini tekshirmaymiz. Buni qilish qiyin emas, shunchaki nega hali ham faqat orzu qilayotganingiz, uni amalga oshirishga kirishmaganingiz haqida oʻzingizdan soʻrab koʻring.

Qoʻrquv va oʻzingizga ishonchsizlik xalal berishi

“Qoʻrqmaysanmi?”. Orzumizni amalga oshirishdagi qadamlarni rejalashtirishda eng koʻp eshitadigan savolimiz. Atrofdagilar uni qayta-qayta berishi mumkin – rostdan ham qoʻrqishingizni eshitish umidida. Jasurlar ham qoʻrqishadi, ammo buni yashirib oʻtirmaydi. Qoʻrqinchli boʻlsa ham, baʼzi odamlar olgʻa yurishda davom etadi. Boshqalarni esa qoʻrquv oʻz joyida qolishga sabab boʻladi.

Gap shundaki, orzu tomonga harakat – har qanday holatda ham stress. Axir kundalik hayotimiz zerikarli va qiyin boʻlsa ham, oʻz komfort zonamizda boʻlamiz, hamma narsa tanish va odatiydir. Orzu tomon borganda esa komfort zonasini tark etish, qiyinchiliklar va kutilmagan narsalarga tayyor turish kerak, qoʻrquv va shubhalarni yengish kerak. Ha, agar oila aʼzolaringiz va doʻstlaringizning qoʻllab-quvvatlashi boʻlsa, ilk qadamlarni tashlash ancha oson.

Atrofdagilarning fikri yoʻldan uradi

Atrofdagilarning fikriga qaramlik – orzuni amalga oshirishdagi eng kuchli toʻsiqlardan biridir. Biz juda muvaffaqiyatli moliyachi, yurist, pedagog boʻlishimiz, ammo oʻzimizni baxtsiz his qilishimiz mumkin. Yolgʻiz qolganimizda, ichimizda fotograf boʻlishni, sayohatlarga otlanishni, nimadirlar yasashni istashimiz mumkin. Yoki boshqa davlatda yashashni. Koʻp farzand koʻrishni. Afsuski, reja tuzishga va harakat qilishga kirishganimizda, koʻpchiligimizni atrofdagilar nima deyishi haqidagi xavotirlar egallaydi. Axir oʻqituvchilar va ota-onalar boshqalarning fikriga ahamiyat berishni oʻrgatgan jamiyatda ulgʻayganmiz.

Gap shundaki, aslida orzumizni amalga oshirishimiz atrofdagilarning rejasiga kirmaydi. Ayniqsa, yaqinlarimiz va sevganlarimizning. Gʻalati, shunday emasmi? Axir aynan ularning qoʻllab-quvvatlashiga muhtoj boʻlamiz. Asosiy muammo shundaki, orzularingizni amalga oshirishingiz ularning komfort zonasiga kuchli taʼsir qilishi mumkin, baʼzida salbiy koʻrinishda. Axir munosabatlaringiz eski odatlaringiz, istaklaringiz va qiziqishlaringiz asosiga qurilgan.

Yaqinlarimizning orzularimiz va muvaffaqiyatimizga munosabatidagi qoʻrquvlar egoistik boʻlishi mumkin:

• “U meni moliyaviy taʼminlamay qoʻyadi”

• “Men undan faxrlanolmay qolaman – axir hozir hammaga oʻgʻlim/qizim yurist deb faxrlanib aytishim mumkin!”

• “U bizdan uzoqlashadi va boshqa yangi doʻstlar topadi”

• “Bizning qiziqishlarimiz farqli boʻladi va bir-birimizdan zerikib qolamiz”

• “Men esa orzularimni amalga oshirmay yuribman”

• “U koʻchib ketsa, avvalgiday yaqin boʻlolmaymiz”

Albatta, bunday kechinmalari bor yaqinlarning sizni qoʻllab-quvvatlashi qiyin. Koʻp holatlarda oʻz qoʻrquvlarini singdirishga harakat qilishadi va hammasi oʻz holicha qolishini istashadi, hatto munosabatlarni uzish bilan tahdid qilishi ham mumkin.

Orzuni amalga oshirish qiyinchiliklari

Dengiz boʻyida baxtli hayot haqida orzu qilish – albatta oson va yoqimli. Hujjatlar yigʻish, ijarani hal qilish yoki koʻchmas mulk sotib olish, bolalarni yangi maktabga joylashtirish, xorijiy tilni oʻrganish va bir dunyo ishlar esa – koʻp xarajat va asabbuzarliklar bilan boʻlishi mumkin.

Orzuni amalga oshirish uchun avval bu haqida qaror qabul qilish, ancha kechinmalar va stresslarni his qilish kerak. Keyin esa orzuni maqsadga, maqsadni rejaga aylantirish lozim. Rejani amalga oshirish uchun esa odatda koʻp resurslar, jumladan, moliyaviy resurslar ham sarflashga toʻgʻri keladi.

Har bir orzuning qiyinchiligi bor: ehtimol moliyaviy yetishmovchiliklar, ehtimol yaqinlarning qoʻllamasligi, ehtimol komfort zonani tark etish… Ammo qatʼiy maqsad qilgan boʻlsangiz, qiyinchiliklaringiz ortida mukofot kutib turadi – shunchaki orzu qilmaysiz, orzularingizda har kuni yashaysiz! Va oʻzingizdan gʻururlanasiz.