Oshxona uchun 7 ta layfxak: Bekalarni zavqlantirishi aniq

  • 13:13 / 13.02.2020
  • 832

Kim ham uyni yig‘ishtirishga ko‘p vaqt sarflashni istaydi, deysiz?! Oshxonani yig‘ishtirishning o‘ziga esa qancha vaqt zarur bo‘ladi. Biroq, nima qilsa oshxonani tezda tartibga keltirish mumkin? 
 
Avvalo, oshxona – yemak tayyorlanadigan va butun oila yig‘ilib ovqatlanadigan joy. U yerda hamma narsani saqlamang. Bola o‘zi bilan o‘yinchoqlarini keltirib tashlab ketdimi, chiqayotganingizda o‘zingiz bilan olib keting. Oshxonada kitoblar, jurnallar, kompyuter va, hatto (!) televizor bo‘lmasligi kerak. Ovqat tayyorlash va iste’mol jarayoni vaqtida hech narsa xalaqit bermasligi lozim. Faqat kayfiyat uchun taraladigan musiqa istisno bo‘lishi mumkin.
 
Xarid qilingan mahsulotlarni paket-xaltachalardan olib, darrov joy-joyiga taxlang.  
Paket – xaltachalar ham katta muammo. Ko‘plar xaridlardan bo‘shagan xaltachalardan chiqindilarni chiqarib tashlashda foydalanadi. Bu juda yaxshi. Lekin, xaridlar uchun oshxonangiz uslubiga mos keladigan maxsus xaltacha tikib olsangiz, undan ham yaxshi. Har gal do‘konga chiqqanda o‘zingiz bilan olib ketasiz. Polietilen xaltachalar ham ko‘payib ketmaydi.  

Idishlar

Чисто быстро: 7 новых лайфхаков для кухни

Birinchi qoida – ishlatilgan idishlarni yig‘ib qo‘ymasdan, darrov yuvish. Ana shunda idishlarda ovqat qoldiqlari qotib, yuvishda qiynalmaysiz. Qolaversa, darrov yuviladigan idishga suv kamroq sarf bo‘ladi. Agar uyingizda suv hisoblagich bo‘lsa, bu yanada muhim. Dono bekajonlarning aytishiga qaraganda, yuvish jarayonida yaxshi g‘oya va yechimlar paydo bo‘lar ekan. Idishlarni yig‘ishtirib olgach, oshxonangizning yuzi hisoblanuvchi “moyka” haqida ham unutmang. Yuziga soda sepingda gubka bilan to quyuq ko‘pik hosil bo‘lgunicha ishqalang. Keyin suvda chayib yuboring.

Plita
Plitani tozalash ko‘pchilikning esidan chiqib qoladi. Qolaversa, plita tezgina kirlanadi. Eng yaxshisi – uning yuzasini ovqat tayyor bo‘lgan zahoti tozalab qo‘ying. Dog‘lar qotib qolishga ulgurmaydi. Agar shunday qilishning imkoni bo‘lmasa, uni tozalashning bir necha usuli bor:    
- keramik plitani sirkaning o‘tkir aralashmasi bilan yuvish  (1 litr suvga 0,2 litr sirka miqdorida olinadi); 
- yaltiroq plita uchun oyna va shishalarni yuvishga mo‘ljallangan vosita to‘g‘ri keladi. Vositani yuzasiga surasiz va 10 daqiqadan keyin yumshoq latta yoki gubka bilan artib olasiz.  
- eski dog‘larni ketkazishda melamin gubka juda asqatadi. Xuddi o‘chirg‘ichga o‘xshaydi. Dog‘ni ketkazgani sayin o‘zi ham kichrayib boradi. Darvoqe, gubkaning bu turi bilan javonlarni, shkaf eshiklarini ham tozalasa bo‘ladi.
 
Eng yaxshisi esa – plitaning yuzasini folga bilan o‘rab qo‘yish. Dog‘lar ko‘payganida olib tashlaysiz va yangisini yoyasiz. Yuza esa top-toza turadi. 

Deraza tokchasi
Deraza tokchasi – bu ish qiladigan joy emas. Biroq, tokchaning ozodaligi ham juda muhim. Bu yerda hamma vaqt ko‘p chang to‘planadi. Nam latta bilan artishga esa u yoq-bu yog‘i 1 daqiqa ketadi. Xona yanada ko‘rkamlashadi. Deraza tokchasiga har xil narsalarni qo‘yib tashlamang. Faqat xona gullarini qo‘yish mumkin. Ha, aytgandek, gullar ham parvarishga muhtoj bo‘lishini unutmang. Yaproqlaridagi changlarni artib turish kerak.

Muzlatgich 
Uni doimiy ravishda tozalab turish ko‘p harakat talab qilmaydi. Tozalashning birinchi qoidasi – buzilayotgan mahsulotlar o‘z vaqtida olib qo‘yilsa, muzlatgichdan yoqimsiz hid kelmaydi. Yaxshi maslahat – sabzavotlar qo‘yiladigan qavatga yupqa qog‘oz sochiq tashlab qo‘ying. Shu tariqa ularni chiritmasdan uzoqroq saqlashga erishasiz.

Muzlatgichning ichi ozoda bo‘lishi uchun, javonlarni, ichki devorlarni sirkali suv bilan arting. Birato‘la hiddan ham qutilasiz. Tashqarisini sovunli suv va yumshoq latta bilan yuving. Qattiq cho‘tkalarni qo‘llamang. Magnitchalarning changi ham artiladi. Orqa qismini esa changyutgich yordamida tozalagan ma’qul.
  
Shkaflar 

Чисто быстро: 7 новых лайфхаков для кухни

Oshxona shkaflariga hamma narsani qo‘yaveramiz. Unday qilish yaramaydi. Shkaflarni yaxshilab ko‘zdan kechirib, keraklarini olib qoling, kerakmaslarini tashlab yuboring. Chiqindiga nimalarni tashlash mumkin:   
- ko‘rinishini yo‘qotgan, u yoq-bu yog‘i uchgan yoki singan idishlar: ushlagichi singan finjon, darz ketgan taqsimcha singari;
- vaqt o‘tishi bilan qorayib ketgan yog‘och qoshiq va kurakchalar. Bunday idishlarda zararli bakteriyalar to‘planib qoladi.   
- bir kuni kerak bo‘lib qolar deb olib qo‘yilgan “chiroyli” bankachalar. Metalldan tayyorlangan choy qutilarini esa yana choy saqlash uchun olib qo‘yish mumkin. Biroq, chips bankalari, sut qutilarini tashlab yuboring. Juda zarur hisoblasangiz, 1-2 tasini qoldirsangiz bo‘lar. Ko‘pi kerak emas. 
Umuman olganda, tozalash ishiga jiddiy yondashsangiz, shkafingizda  ancha-muncha bo‘sh joy ochilib qoladi. 
 
Pol
Polni ikki bosqichda tozalagan ma’qul. Dastlab changyutgich yordamida mayda chiqindilardan tozalanadi. Undan keyin nam latta bilan artib olinadi. Agar oshxona poli tez-tez yuvib turilsa, bu jarayon oson va tez kechadi. Hech qachon hammasini birdaniga tozalab olaman deb, yaxshilab kirlanishini kutmang. Shioringiz: “Nima tushsa – darrov olib qo‘yish, nima to‘kilsa – darrov artib olish!” bo‘lsin. Oila a’zolarini ana shunga o‘rgating. Bolalar pol tozaligi bo‘yicha o‘zaro musobaqalashishsin.
   
Pol qoplamasini yuvishga mos keladigan vositani tanlang, to‘g‘ri kelganini emas. Linoleum va plitkalar salgina namlab artiladi. Yuvilsa, suv ortiqchaligidan plitkalar bir biridan qochishi, linoleum esa shishib ketishi mumkin.