Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki bilan elektr energetikasi sohasida hamkorlik qilinadi

  • 12:34 / 05.02.2020
  • 114

Energetika vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ustida ish olib borilmoqda. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, yangi qonun loyihasini ishlab chiqish borasidagi ishlar Energetika vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu ishga Buyuk Britaniya, Gruziya, Avstriya, Bolgariya va Italiya mamlakatlaridan ekspertlar, shuningdek qonun ijodkorligi borasida katta tajribaga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Yangi qonun 2020-yil may oyining oxirida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi kutilmoqda.

“Shuningdek, Energetika vazirligi Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki bilan birgalikda 2023-yilda joriy etilishi kutilayotgan raqobatdosh elektr energiyasi bozori modelini ishlab chiqish bo‘yicha ish olib boryapti. Osiyo Taraqqiyot banki va Jahon banki tarkibida elektr energetikasi sohasini isloh qilish bo‘yicha ko‘p yillik nazariy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar - Gruziya, AQSh va Turkiya davlatlarining maslahatchilari ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.