Osiyodagi supermarketlarda o‘ramlar o‘rniga barglardan foydalanilmoqda

  • 10:09 / 19.04.2019
  • 1938

Atrof-muhitning plastik tufayli ifloslanishi eng dolzarb va global muammolardan. Bu vaziyatda qayta ishlash orqali ijobiy natijaga erishish borasidagi ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Taqqoslash uchun: 2013 yilda birgina AQSh tomonidan 254 million tonna chiqindi ishlab chiqarilgan, undan bor-yo‘g‘i 30 foizigina qayta ishlangan. Bu chiqindining qolgan qismi chiqindixonaga kelib tushgani, ming yilga yaqin vaqt davomida zaharli gazlarni ajratib, osonlik bilan boshqa hududlar va okeanga tushib, yo‘lida uchragan barcha tirik jonzotlarni nobud qilishi mumkinligini anglatadi. Afsuski, ko‘pchiligimiz ushbu qayg‘uli haqiqatni anglamaymiz.

Vaziyat o‘zgara boshlashi uchun yanada ko‘proq odamlar mazkur xavf haqida bilishi va uni anglashi lozim. Bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davomida foydalaniladigan plastik o‘ram yana yuz yillar davomida Yerdagi barcha tirik jonzotlar uchun xavf tug‘dirishi haqida so‘zlash mumkin bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanish kerak.

Yaqinda Osiyodagi supermarketlar ekodo‘stona tashabbus bilan chiqishdi: sabzavotlarni o‘rash uchun plastik paketlar o‘rniga barglardan foydalanishni boshlashdi.

Bu o‘rash uchun materiallarni xarid qilish vaqtidagi tejamkorlikdan tashqari sayyorani nobud qiluvchi ko‘p miqdordagi plastikdan foydalanishning oldini ham oladi.

Yaqin-yaqingacha Osiyo mamlakatlari eng ko‘p miqdorda chiqindi ishlab chiqishda ayblanar edi. Bugun esa ular odatiy plastik o‘rnini bosuvchi ekoo‘ramlarni ishlab chiqishda tashabbus ko‘rsatishmoqda. Bu Osiyodagi ko‘plab startaplar uchun asosiy g‘oya sanaladi. Barglardan tayyorlangan bioo‘ram ana shunday yo‘nalishdagi ilk qadamlardan biri bo‘ldi.

Supermarket peshtaxtalaridagi tartib bilan o‘ralgan va taxlangan ilk sabzavotlar suratlari virusli tus oldi. Uni 3,5 million kishi tomosha qilgan. Mazkur trend Osiyodagi ko‘plab oziq-ovqat do‘konlarida qo‘llanila boshlandi. Qayd etish kerakki, bu kabi innovatsiya sotuvchilar obro‘siga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda.